Qozog‘istonda tibbiyot xodimlarini kaltaklaganlik uchun jinoiy jazo joriy etiladi

Olam

image

Tibbiyot sohasi xodimlari xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida ularga nisbatan sodir etilgan jinoyatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazosi berilishi kerak. Bu haqda Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Akmaral Alnazarova ma’lum qildi.

“Tibbiyot xodimlarining mehnat faoliyati davomida o‘z sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yish holatlari ko‘payib bormoqda. Yaqinda Qo‘stanayda tez tibbiy yordam feldsheriga hujum uyushtirildi. Chaqiruvga asosan kelgan yosh ishchi Anel Baymurzina  olgan jarohatlari ortidan kasalxonaga yotqizildi”, deya yozgan vazir.

Shu bilan birga, vazir shoshilinch tibbiy yordam xodimlari inson hayotining eng xavfli davrida yordamga kelganda, o‘zining hayoti haqida o‘ylashga vaqti yo‘qligini ham ta’kidlagan.

Akmaral Alnazarova taqdim etgan ma’lumotlarga ko‘ra, 2019-2023 yillarda Qozog‘istonda 158 nafar tibbiyot xodimi xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida tan jarohati olgan.

Uning qo‘shimcha qilishicha, tibbiyot xodimlariga xizmat vazifalarini bajarish chog‘ida sodir etilgan bosqin va zo‘ravonlik harakatlari uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish taklifi deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan.

“Bunday harakatlar adolatli jazolanishi, jumladan, erkinlikni cheklash va jamoatchilik tomonidan qoralanishi kerak”, degan vazir.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatida 26 yoshli yigit chaqiruv bo‘yicha kelgan tez tibbiy yordam shifokorini kaltaklagandi. Shifokor og‘riqni qoldirish uchun feldsherga og‘riq qoldiruvchi dori vositasini shpritsga tortib taxlashini aytgan. Shu vaqtda shifokor bemorga qo‘shimcha kasalliklari bo‘yicha savollar bergan, bemor esa shifokorga qarab “san kimsan, ishingni tezroq qil” degan va o‘rnidan turib, to‘satdan shifokorning yuziga musht bilan urgan. Shifokorning labi va pastki jag‘ sohasidan qon ketishni boshlagan va biroz vaqtga shifokorda karaxtlik holati kuzatilgan. Holat bo‘yicha hududiy profilaktika inspektoriga xabar berilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston tibbiyot kaltaklagan

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing