Qozog‘istonda talato‘p boshlanishi sababchisi qamoqqa olindi

Olam

image

Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Jumabay Karag‘ayev Mang‘istau viloyatida suyultirilgan gaz narxining asossiz oshirilishiga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olindi. Bu haqda mamlakat Moliyaviy monitoring agentligi ma’lum qildi.

Bugun, 15 yanvar kuni ertalab hukumat matbuot xizmati Karag‘ayevning lavozimidan ozod etilgani haqida xabar bergan edi. O‘z navbatida, bir qator ommaviy axborot vositalari manbalarga tayanib, vazir o‘rinbosari hibsga olingani haqida xabar tarqatdi.

“Moliyaviy monitoring agentligining Mang‘istau viloyati hududiy boshqarmasining tergov guruhi tomonidan Qozog‘iston Respublikasi energetika vaziri o‘rinbosari Jumabay Karag‘ayev hamda elektron savdo maydonchalari rahbarlari va suyultirilgan gaz narxini asossiz ravishda oshirishga aloqador shaxslar qo‘lga olindi”, deyiladi agentlik xabarida.

Matbuot xabariga ko‘ra, sud qarori bilan Karag‘ayevga nisbatan tergov organi tomonidan tanlangan va viloyat prokuraturasi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan ikki oy muddatga “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.

“Tergov davom etmoqda. Tergov manfaatlariga daxldor boshqa ma’lumotlar oshkor etilishi mumkin emas”, deyiladi xabarda.

Qozog‘istonda namoyishlar 

Qozog‘istonda norozilik aksiyalari yangi yilning ilk kunlaridan boshlandi. Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.    

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.    

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. Shuningdek, Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev Qozog‘iston Xavfsizlik kengashi raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rnini Prezident To‘qayev egalladi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda Nazarboyev va uning oilasi mamlakatni tark etgani, jiyani Samat Abish hibsga olingani haqida xabarlar tarqaldi. Biroq bularning hech biri isbotini topmadi. Shundan so‘ng, Elboshining Matbuot kotibi Aydos Ukibay Nazarboyev mamlakat poytaxtida bo‘lib turganini ma’lum qildi.

Shuningdek, Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rnini Yermek Sagimbayev egalladi.

Qozog‘istonda butun mamlakat bo‘ylab 19 yanvargacha favqulodda holat joriy etildi. Shuningdek, shu kunlarda soat 23:00 dan 07:00 gacha komendantlik soati amalda bo‘ladi.

Prezident Respublika Saken Isabekovni davlat qo‘riqlash xizmati rahbari etib tayinlash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.

Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti (ODKB) mamlakatga cheklangan muddatga tinchlikparvar kuchlarni kiritish to‘g‘risida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

213

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing