Qozog‘istonda Prezident Administratsiyasiga yangi rahbar tayinlandi
Olam
−
06 fevral
6469Oybek Dadeboyev Qozog‘iston Prezident Administratsiyasi rahbari etib tayinlandi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati ma’lum qildi.
“Oybek Dadeboyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari etib tayinlansin, u ilgari egallab turgan lavozimidan ozod qilinsin”, deyiladi xabarda.
Bungacha Dadeboyev Prezident Administratsiyasi boshqaruvchisi lavozimida ishlagan. U bu lavozimga 2022 yilning yanvarida tayinlangan. O‘sha yilning noyabr oyida Oybek Dadeboyev yana mamlakat Prezidenti Administratsiyasi boshqaruvchisi etib tayinlangan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Oybek Dadeboyev 1980 yil 1 aprelda Olmaota shahrida tug‘ilgan. Abilayxon nomidagi Qozog‘iston xalqaro munosabatlar va jahon tillari universitetini tamomlagan. Mintaqashunoslik bo‘yicha magistr darajasiga ega.
Faoliyatini 2001-2002 yillarda Qozog‘iston davlat xalqaro munosabatlar va jahon tillari universitetining Xalqaro turizm menejmenti kafedrasi o‘qituvchisi lavozimida boshlagan.
2008-2011 yillarda Qozog‘iston Respublikasi parlamenti Senati devonining parlamentlararo aloqalar va xalqaro hamkorlik bo‘limi eksperti, Senat raisi yordamchisi lavozimlarida ishlagan.
2011 yildan 2013 yilgacha Qozog‘iston Respublikasining Jenevadagi BMT huzuridagi doimiy vakolatxonasining attashesi bo‘lgan.
Keyinchalik olti yil davomida Senat raisi o‘rinbosari, kotibiyat mudiri, 2019-2021 yillarda esa Prezident devoni rahbari o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. II darajali diplomatik toifaga ega.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 fevral kuni Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqqan edi. 2022 yilning yanvaridan beri Bosh vazir lavozimida ishlab kelayotgan Alixon Smailov hukumat iste’foga chiqqanidan so‘ng Qozog‘iston xalqiga murojaat qilib, o‘z faoliyati natijalarini sarhisob qildi. Uning o‘rniga Oljas Bektenov tayinlandi.
LiveBarchasi