Oljas Bektenov Qozog‘istonning yangi Bosh vaziri bo‘ldi
Olam
−
06 fevral
6073Oljas Bektenov Qozog‘iston Bosh vaziri lavozimiga tayinlandi. Tegishli farmonni davlat rahbari Qosim-Jomart To‘qayev imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Davlat rahbarining farmoni bilan Oljas Abayevich Bektenov Qozog‘iston Respublikasi Bosh vaziri etib tayinlandi, u ilgari ishlab kelgan lavozimidan ozod etildi”, deyiladi xabarda.
Uning nomzodini “Amanat” partiyasi taklif qilgan. Prezident parlamentdagi boshqa fraksiyalar bilan maslahatlashganidan so‘ng partiya tanlovini ma’qulladi.
Bektenov bu tayinlovga qadar Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari bo‘lgan. U bu lavozimni 2023 yilning aprel oyida egallagan edi. Bungacha u deyarli bir yil Korrupsiyaga qarshi kurash xizmatini boshqargan. U bu lavozimga ikki marta – 2022 yilning fevral va noyabr oylarida tayinlangan.
Ma’lumot uchun, Oljas Bektenov 1980 yilda Olmaota shahrida tug‘ilgan. 2001 yilda Qozog‘iston davlat yuridik akademiyasini tamomlagan. Mehnat faoliyatini 2002 yilda Olmaota shahar adliya boshqarmasida boshlagan. Keyinchalik Bosh vazir devoni, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti ma’muriyati, Adliya vazirligi va moliya politsiyasida ishlagan. Ostona shahri va Oqmola viloyati hokimliklarida ham ishlagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 5 fevral kuni Qozog‘iston hukumati iste’foga chiqqan edi. 2022 yilning yanvaridan beri Bosh vazir lavozimida ishlab kelayotgan Alixon Smailov hukumat iste’foga chiqqanidan so‘ng Qozog‘iston xalqiga murojaat qilib, o‘z faoliyati natijalarini sarhisob qildi.
LiveBarchasi