Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri “vido maktubi”ni yozdi
Olam
−
06 fevral
12831Qozog‘istonning sobiq bosh vaziri Alixon Smailov Vazirlar Mahkamasini respublika uchun eng muhim siyosiy va iqtisodiy islohotlar amalga oshirilayotgan murakkab davrda boshqarganini aytdi.
“Avvalo, Prezident Qosim-Jomart Kemelevich To‘qayevga o‘ta og‘ir davrda Qozog‘iston hukumatini boshqarishga ishonch bildirgani uchun chuqur minnatdorlik bildiraman. Bu ikki yil jamiyat uchun burilish davri bo‘ldi. Davlat rahbari yangi, adolatli Qozog‘iston qurishga qaratilgan eng muhim siyosiy va iqtisodiy islohotlarni boshladi. Hukumat faoliyati ana shu islohotlarni hayotga tatbiq etish, mamlakatimizning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan edi”, deb yozdi Smailov o‘zining Facebook’dagi sahifasida.
U Hukumat va mahalliy ijro hokimiyati organlarining kelishilgan harakatlari tufayli muayyan natijalarga erishilganini ta’kidladi.
“O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha iqtisodiy o‘sish 5,1 foizni tashkil etdi, barcha asosiy tarmoqlar ijobiy dinamikani ko‘rsatdi. Inflyatsiya 2 barobar kamaydi. Ketma-ket ikkinchi yil to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi so‘nggi o‘n yillikdagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘ldi: uning yillik hajmi 26-28 milliard dollar darajasida bo‘ldi”, deb tushuntirdi Smailov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili Milliy jamg‘arma mablag‘lari 4 milliard dollarga ortib, 60 milliard dollarga yetgan. Reyting agentliklari milliy iqtisodiyotning suveren reytingi va investitsiya ishonchliligini tasdiqladi.
“Hukumatdagi barcha hamkasblarimga, shuningdek, deputatlik korpusiga birgalikda va samarali mehnati uchun samimiy minnatdorlik bildiraman”, deb yozadi sobiq bosh vazir.
Hukumatning iste’foga chiqishi
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘iston Prezidenti Alixon Smailov boshchiligidagi hukumat iste’fosini qabul qilgan, bu qarorning sabablari ko‘rsatilmagan. Vazirlar Mahkamasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar vaqtincha Bosh vazir lavozimini egalladi. Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasi a’zolariga yangi hukumat tasdiqlangunga qadar o‘z vazifalarini bajarishda davom etish topshirildi.
To‘qayev Smailovni 2022 yil yanvarida Vazirlar Mahkamasi rahbari lavozimiga tayinlagan va 2023 yilning martida parlament quyi palatasiga saylovlardan so‘ng uni qayta tayinlagan edi.
Mamlakat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, prezident 7 fevral kuni hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishini o‘tkazadi, unda respublikani o‘tgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari sarhisob qilinadi va istiqboldagi rejalar belgilab olinadi.
LiveBarchasi