Qozog‘istonda oiladagi zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirildi
Olam
−
15 aprel
1961Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev “Qozog‘iston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini ta’minlashga doir o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Bu haqda Oqo‘rda matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, qonun hujjatlarida ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning har qanday turi uchun jazo choralari kuchaytirilmoqda. Qonun bilan qasddan sog‘liqqa yengil, o‘rta va og‘ir darajada shikast yetkazish, shuningdek, kaltaklash uchun jinoiy javobgarlikka tortish kabi normalar, xususan, jarimalar, jamoat ishlari va 50 sutkagacha qamoq shaklidagi jazolar joriy etilmoqda.
Endilikda 16 yoshga to‘lmagan bolalarga nisbatan qotillik, zo‘rlash yoki jinsiy tajovuzda aybdor deb topilgan shaxslar yengilroq jazo qo‘llash huquqisiz umrbod ozodlikdan mahrum qilinadi. Voyaga yetmaganlarni qonunga xilof ravishda ozodlikdan mahrum qilganlik uchun – 5 yildan 10 yilgacha, voyaga yetmaganlarni o‘g‘irlaganlik uchun – 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanadi. Shuningdek, bulling, kiberbulling kabilar uchun ma’muriy jazo kiritildi.
Bundan tashqari, qonunda oila masalalari, ayollar va bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha aloqa markazi faoliyatining huquqiy asoslarini yaratish, kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar to‘g‘risida ma’lumot berishni davlat organlariga yuklash, oilaviy zo‘ravonlik qurbonlariga yordam ko‘rsatadigan oilalarni qo‘llab-quvvatlash markazlarini tashkil etish va ularning faoliyatini tartibga solish kabilar belgilab qo‘yildi.
Parlament quyi palatasi 28 fevralda qonunni qabul qildi, Senat esa 11 aprelda qonunni ma’qulladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida bir qator qozoq mahalliy OAVlarida Ostona shahridagi restoranlardan birida ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik ayol sobiq vazir Kuandik Bishimbayevning ikkinchi xotini bo‘lgani va uni Bishimbayev o‘ldirgani aytildi. Shundan so‘ng unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu ishni Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev shaxsiy nazoratiga olgan.