To‘qayev sobiq vazirning xotiniga suiqasd bo‘yicha ishni o‘z nazoratiga oldi

Olam

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev sobiq Milliy iqtisodiyot vaziri Kuandik Bishimbayevning o‘z rafiqasini o‘ldirishi bo‘yicha ishni shaxsiy nazoratiga oldi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Berik Uali “Kazinform” agentligiga ma’lum qildi. 

“Davlat rahbari Ostona shahrida Saltanat Nukenovaning o‘ldirilishi bilan bog‘liq shov-shuvli qotillikni shaxsan nazoratga oldi, huquq-tartibot idoralari oldiga ham aniq vazifalar qo‘ydi. Prezident Ichki ishlar vaziri Yerjan Sadenov, Bosh prokuror Berik Asilov, Oliy sud raisi Aslambek Mergaliyevni ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish zarurligi haqida qattiq ogohlantirdi”, deydi Berik Uali.

Saltanat Nukenova Bishimbayevning ikkinchi xotini bo‘lib, 31 yoshda edi. Mutaxassislar marhuma Nukenovaning tanasida pichoq jarohatlari izini topmagan. Taxminlarga ko‘ra, u boshiga to‘mtoq narsa bilan berilgan kuchli zarbadan halok bo‘lgan.

Ma’lumot uchun, 43 yoshli Kuandik Bishimbayev turli vaqtlarda Prezident yordamchisi, Sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari, Savdo va iqtisodiy rivojlanish vaziri o‘rinbosari, “Samruk-Kazina” jamg‘armasi raisi o‘rinbosari, “Bayterek” xoldingi boshqaruvi raisi bo‘lgan.

2016 yilning mayidan dekabrigacha Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vaziri bo‘lgan. 2017 yilning yanvarida u o‘g‘irlikda ayblanib hibsga olingan, 2018 yil mart oyida esa 10 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Keyinchalik uning jazo muddati ikki baravarga qisqartirilgan va 2019 yilning oktyabrida Bishimbayev ozodlikka chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning noyabr oyida bir qator qozoq mahalliy OAVlarida Ostona shahridagi restoranlardan birida ayol kaltaklanib, tez yordam kelguniga qadar vafot etgani haqida xabarlar tarqaldi. Keyinchalik ayol sobiq vazir Kuandik Bishimbayevning ikkinchi xotini bo‘lgani va uni Bishimbayev o‘ldirgani aytildi. Shundan so‘ng unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bishimbayev umrbod qamoq jazosini olishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing