Qozog‘istonda “Qonli yanvar” voqealaridan keyin o‘zbekistonlik yo‘qolib qoldi – OAV

Olam

image

Qozog‘istonga ishlash uchun ketgan O‘zbekiston fuqarosi qo‘shni davlatda yanvar oyida yuz bergan tartibsizliklardan keyin yo‘qolib qoldi. U so‘nggi bor Olma-Otaning “Oltin o‘rda” bozorida ko‘ringan. Bu haqda “Orda” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, qoraqalpog‘istonlik 44 yoshli Azat Jumaniyozov Qozog‘istonga ishlash uchun ketgan, biroq yanvar voqealaridan keyin qarindoshlari u bilan bog‘lana olmay qolgan.

“Azatning xotini har kuni yig‘laydi. Qo‘ng‘iroq qiladi va qidiruv natijalari haqida so‘raydi. Uning besh yoshli qizi ham doimiy ravishda “dadam qayerda?”, deb so‘raydi. Menimcha, u maydonga chiqmagan. Chunki 5 yanvar kuni Do‘lan qishlog‘i yaqinida uning telefoni o‘chib qolgan. Tartibsizliklar esa Olma-otada bo‘lib o‘tdi. U yerga borgan bo‘lishi mumkinmi? Menimcha, yo‘q”, degan uning akasi Nurlar Otaniyozov.

Azatning yaqinlari uning tirikligiga umid qilishmoqda. Erkakning jasadi hech bir o‘likxonadan topilmagan. Ko‘ngillilar ixtiyoriy ravishda erkakni qidirishga kirishgan, ammo bu hech qanday natija bermagan. Azat Jumaniyozovning oilasi politsiyaga yordam so‘rab murojaat qilgan.

“Ushbu fakt Olatov tuman IIBda ro‘yxatga olingan. Qidiruv ishi qo‘zg‘atildi, maxsus tergov-tezkor guruhi tuzildi, uning harakatlari bedarak yo‘qolgan shaxsni qidirish va uning turgan joyini aniqlashga qaratilgan”, degan Olmaota politsiya departamenti rasmiy vakili Saltanat Azirbek.

Politsiya Jumaniyozovni ko‘rganlardan uning qayerdaligini xabar qilishni so‘ragan.

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari yanvar oyidagi tartibsizliklardan so‘ng 19 nafar xorijlik fuqaroga nisbatan tergov harakatlari olib bormoqda. Ularning 11 nafari O‘zbekiston fuqarosi. 

Yanvar oyi boshida Qozog‘istonda ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, ularning ishtirokchilari politsiya va harbiylarga hujum qildi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi va yordam so‘rab KXSHTga murojaat qildi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu voqealar natijasida 230 kishi halok bo‘lgan, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Qonli yanvar'

Baholaganlar

262

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing