Qozog‘istonda Google foydalanuvchilarining ma’lumotlari tarqalib ketdi
Olam
−
10 Sentabr 2025 3454 2 daqiqa
Qozog‘iston Bosh prokuraturasi Google foydalanuvchilarining ma’lumotlari sizib chiqayotgani aniqlangani haqida xabar berdi va zudlik bilan parollarni almashtirishni hamda “Google xodimlari” deb o‘zini tanishtirgan shaxslardan keladigan qo‘ng‘iroqlarga ishonmaslikni tavsiya qildi. Bu haqda prokuraturaga tayanib, “Nur.kz” xabar berdi.
Bosh prokuratura ma’lumotiga ko‘ra, Huquqiy statistika va maxsus hisoblar qo‘mitasining Jinoyatchilik tahdidlari va jamoat xavfsizligi xatarlarini prognoz qilish markazi tomonidan jahon internet makonini monitoring qilish davomida Google ma’lumotlar bazasi buzilishi va Gmail foydalanuvchilarining ma’lumotlari sizib chiqishi bilan bog‘liq xavf aniqlangan.
“ShinyHunters guruhi Gmail akkauntlarining 2,5 milliardgacha bo‘lgan qismiga oid kontakt ma’lumotlari va kompaniya nomlariga ega bo‘ldi, garchi parollar bevosita o‘g‘irlanmagan bo‘lsa ham. Hujum ijtimoiy muhandislik yordamida amalga oshirilgan. Jinoyatchilar o‘zlarini IT-xizmat ko‘rsatish xodimi sifatida tanishtirib, Google xodimiga qo‘ng‘iroq qilgan va uni zararli ilovani avtorizatsiya qilishga majbur qilgan”, deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarning sizib chiqishi butun dunyo bo‘ylab, jumladan, Qozog‘iston foydalanuvchilariga ham ta’sir ko‘rsatgan. G‘ayri niyatli shaxslar o‘g‘irlangan ma’lumotlardan nishonga olingan fishing va telefon orqali hujumlar o‘tkazish uchun foydalanishi mumkin. Allaqachon shunday holatlar qayd etilganki, unda firibgarlar o‘zlarini Google xodimlari sifatida tanishtirib, 650 kodli (Google shtab-kvartirasi joylashgan Kaliforniya mintaqasi) raqamlardan qo‘ng‘iroq qilgan va Gmail parollarini tiklashni talab qilgan. Bunday qo‘ng‘iroqlarning maqsadi – ikki faktorli autentifikatsiya kodlari, parollar yoki akkauntlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirish huquqini qo‘lga kiritishdan iborat.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning iyun oyida 16,3 million qozog‘istonlikning shaxsiy ma’lumotlari internetga sizib chiqqandi. Ular orasida to‘liq ismlar, tug‘ilgan sanalar, IIN (shaxsiy identifikatsion raqam), yashash manzillari, mobil, ishchi va uy telefon raqamlari mavjud.
Live
Barchasi