Qozog‘iston janubidagi ommaviy mushtlashuv sababi ma’lum bo‘ldi
Olam
−
08 fevral 2020
16416Qozog‘iston janubida sakkiz kishi halok bo‘lgan va 40 kishi jarohat olgan ommaviy tartibsizlikning sababi maishiy mojarolar bo‘lib chiqdi. Bu haqda bugun, 8 fevral kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Qozog‘iston Respublikasi Axborot va jamoat taraqqiyoti vaziri Dauren Abayev ma’lum qildi.
Abayevning ta’kidlashicha, fojia, xususan, maishiy mojaroni millatlararo mojaroga aylantirmoqchi bo‘lgan fitnachilar tufayli ro‘y bergan. Hozirgi vaqtda Abayevning so‘zlariga ko‘ra, tergov harakatlari olib borilmoqda. Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev esa Respublika Bosh prokuroriga tergovni nazoratga olishni buyurdi. Shuningdek, Prezident bu holat yuzasidan ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida munosabat bildirib o‘tdi.
Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Jambil viloyati, Korday tumani, Masanchi qishlog‘ida mahalliy vaqt bilan soat 20:00 atrofida ommaviy mushtlashuv bo‘lib o‘tgan edi. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, tartibsizliklarda 70 ga yaqin kishi ishtirok etgan. To‘qnashuv paytida qurol ishlatilgani ham aytilmoqda.
Avvalroq, ommaviy mushtlashuv natijasida sakkiz kishi halok bo‘lgan, 40 kishi jarohatlangani haqida xabar bergan edik. Jarohatlanganlar orasida ikki nafar huquq-tartibot idoralari xodimi ham bo‘lgan. Tartibsizliklar vaqtida 30 ga yaqin uy, 15 do‘kon va 23 ta mashina yoqib yuborilgan. Hozirgacha 47 kishi hibsga olingan.
O‘rta Osiyo mintaqasida milliy mojarolar bo‘lib turishi yangilik emas. So‘nggi 30 yil ichida mintaqada o‘nlab milliy nizolar bo‘lib o‘tdi. Xususan, 1989 yil Farg‘ona vodiysida o‘zbeklar va mesxeti turklar o‘rtasida bo‘lgan to‘qnashuvlar, shuningdek, 2010 yilda Qirg‘iziston Respublikasi O‘sh shahrida bo‘lib o‘tgan o‘zbek-qirgiz mojarolari bunga yaqqol misol bo‘lishi mumkin.
Nurulloh Sharipov
LiveBarchasi