Qozog‘iston va “Gazprom” o‘rtasidagi kelishuv Rossiya gazining O‘zbekistonga tranzitiga ta’sir qiladi
Olam
−
08 noyabr 2023
9894Qozog‘iston va “Gazprom” o‘rtasidagi strategik hamkorlik to‘g‘risidagi bitim Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti masalalarini ko‘rib chiqadi. Bu haqda jurnalistlarga Qozog‘iston Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev ma’lum qildi.
“Ushbu shartnomada Rossiya gazining O‘zbekistonga tranziti masalalari ko‘rib chiqiladi. Ma’lumki, biz o‘z gazni tashish tizimimizni ishga tushirdik, tranzit imkoniyatini berdik. Ushbu shartnoma bilan biz Rossiya gazini tranzit qilish bo‘yicha tomonlarning majburiyatlarini belgilab oldik”, deydi u.
Joriy yilning 1 noyabr kuni “Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi-2023” doirasida “Gazprom” boshqaruvi raisi Aleksey Miller Markaziy Osiyoning uch mamlakati – Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston vakillari bilan uchrashib, yangi hujjatlarni imzoladi.
Miller va Qozog‘iston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Roman Sklyar o‘rtasida o‘tgan ishchi uchrashuvda Strategik hamkorlik shartnomasi imzolangan. Hujjat tabiiy gazni yetkazib berish, tashish va qayta ishlash, shuningdek, uni geologiya-qidiruv va qazib olish sohasida hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan.
Qozog‘iston Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev bildirishicha, O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmini oshirish imkoniyati O‘zbekiston tomonining ehtiyojlariga bog‘liq bo‘ladi.
“Biz hududimiz orqali tranzit o‘tish imkoniyati haqida gapiryapmiz”, deb tushuntirgan u.
Satkaliyevning ma’lum qilishicha, Qozog‘iston Rossiya Federatsiyasidan O‘zbekistonga tranzit orqali yil oxirigacha kamida 800 million kub metr gaz yetkazib berish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, umuman olganda, dastlabki bosqichda gap qariyb 2,8 milliard kub metr gaz yetkazib berish haqida bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, Sankt-Peterburg xalqaro gaz forumi doirasida Rossiyaning “Gazprom” ochiq aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston hukumati o‘rtasida energetika kompleksi sohasida hamkorlik bo‘yicha strategik memorandum imzolandi. Hujjatni “Gazprom” rahbari Aleksey Miller va O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov imzolagan.
Forumda so‘z olgan Miller hozirda Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi va Qozog‘iston Ostona shahrini gazlashtirish uchun yetkazib berish yo‘nalishi ustida ishlayotgani, kompaniya Qozog‘iston va O‘zbekistonga yetkazib berish hajmini oshirish uchun yangi yo‘nalishlar va Buxoro-Ural gaz quvurini ham ko‘rib chiqayotganini bildirgan.
Shuningdek, uning aytishicha, Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi gaz sohasidagi hamkorlik 15 yilni tashkil etadi, uzoq muddatli hamkorlik shartnomasi 2024 yil o‘rtalarida tuzilishi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yilning 7 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayev Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga Rossiya gazini yetkazib berishga start bergan edi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston har yili Rossiyadan tijoriy shartnoma asosida 2,8 milliard kub metr gaz sotib oladigan bo‘ldi.
LiveBarchasi