Dog‘istonda gaz quvuri portladi (video)

Olam

image

Dog‘istonning Qizilyurt shahridagi magistral gaz quvurida uchta katta portlash sodir bo‘lib, yirik yong‘in kelib chiqdi. Bu haqda Dog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, kecha, 9 iyun kuni Dog‘istonning Qizilyurt shahrida “Mozdok – Kazimagomed” magistral gaz quvurida uchta portlash sodir bo‘lgan. Quvur “Gazprom transgaz Maxachkala” MCHJ kompaniyasiga tegishli bo‘lib, portlashlardan keyin yirik yong‘in boshlangan.

Dog‘iston FVV ma’lumotiga ko‘ra, hodisaga Qizilyurt tumanidagi Bavtug‘ay va Gelbax aholi punktlari oralig‘ida quvurning germetikligi buzilishi sabab bo‘lgan. Portlashlardan keyin chiqqan alanganing balandligi 15 metrgacha yetgan. Favqulodda xizmatlar yong‘inni ikki soatdan ortiq vaqt davomida o‘chirgan.

Mahalliy hokimiyat ma’lumotiga ko‘ra, hodisa oqibatida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar yo‘q. Qizilyurt shahri rahbari Said Mamatxanovning TASS agentligiga ma’lum qilishicha, Qizilyurt tumanida yashovchi qariyb 140 nafar aholi evakuatsiya qilinib, qarindoshlari uylariga joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, hodisa tufayli Qizilyurt shahri, shuningdek, Qizilyurt va Kumtorqalin tumanlaridagi qator qishloqlarda yaqin bir sutka davomida gaz ta’minoti to‘xtatilgan. Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, “Gazprom transgaz Maxachkala” MCHJ dispetcheri aholida uch kunlik gaz zaxirasi mavjudligini bildirgan.

Ma’lumot uchun, “Mozdok – Kazimagomed” gaz quvuri Dog‘istonning bir qator tumanlarini gaz bilan ta’minlaydi. Shuningdek, u “Gazprom” tomonidan tabiiy gazni janubiy yo‘nalishga, jumladan, Ozarbayjonga yetkazib berish uchun ham foydalaniladi.

Eslatib o‘tamiz, 8 iyun kuni Sankt-Peterburgning Finlyandiya vokzali yaqinidagi Roskosmosga tegishli “Arsenal” zavodi hududida yong‘in oqibatida portlash sodir bo‘lgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing