Roskosmos zavodida bir nechta portlash yuz berdi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
09 iyun 11483 2 daqiqa
Kecha, 8 iyun kuni Sankt-Peterburgning Finlyandiya vokzali yaqinidagi sanoat hududida yong‘in oqibatida portlash sodir bo‘ldi. Hodisa Mineralnaya ko‘chasi 32-uyda joylashgan, Roskosmosga tegishli “Arsenal” zavodi hududida yuz bergan. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Manbalarga ko‘ra, aynan shu korxona Rossiyaning mudofaa va kosmik sanoati uchun mahsulotlar ishlab chiqaradi.
Ma’lum qilinishicha, voqea oqibatida to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana ikki kishi turli darajadagi jarohatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan. Halok bo‘lganlarning ikki nafari yonib ketgan bino ichidan, qolgan ikki nafari esa vayronalar ostidan topilgan. Favqulodda xizmatlar yong‘in to‘liq o‘chirilganini va hududda qutqaruv ishlari yakunlanganini ma’lum qilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, portlash sodir bo‘lgan katta omborda kimyoviy moddalar saqlangan bo‘lib, 400 kvadrat metr maydonni qamrab olgan yong‘in to‘qqiz soat davomida o‘chirilgan. Hodisa oqibatida kuchli portlash to‘lqini bino atrofidagi infratuzilmaga ham zarar yetkazgan, temiryo‘l yo‘nalishlarida harakat vaqtincha to‘xtatilgan.
Tergov organlari ushbu holat yuzasidan Rossiya Jinoyat kodeksining xavfsizlik qoidalarini buzish moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, portlashga atseton bug‘larining alangalanishi sabab bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, “Arsenal” zavodi Rossiya armiyasi va kosmik sohasi uchun texnika hamda uskunalar ishlab chiqarishi bilan tanilgan. Korxona xalqaro sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lib, u mudofaa sanoati uchun mahsulot yetkazib beruvchi yirik ishlab chiqaruvchilardan biri hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina droni Qrimda Moskva–Simferopol yo‘nalishidagi yo‘lovchi poyezdiga hujum qilgani, oqibatda mashinist yordamchisi halok bo‘lgani va mashinist yaralangani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi