“Gazprom” Markaziy Osiyoga gaz eksportini 70 foizga oshirdi
Olam
−
11:55 789 3 daqiqa
“Gazprom” 2026 yil boshidan buyon Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘izistonga gaz yetkazib berish hajmini qariyb 70 foizga oshirdi. Bu haqda kompaniya rahbari Aleksey Miller ma’lum qildi.
Miller o‘zining Telegram-kanalida Rossiya neft va gaz sanoati xodimlari kuni arafasida o‘tkazilgan yig‘ilishda kompaniyaning Markaziy Osiyodagi natijalari haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, joriy yilda Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga gaz yetkazib berishning umumiy hajmi qariyb 70 foizga oshgan.
“Bu yil Markaziy Osiyoda ham yaxshi natijalarga erishdik. Qozog‘iston, Qirg‘iziston va O‘zbekistonga yetkazib berish hajmini jami qariyb 70 foizga oshirdik”, deya yozgan Miller.
Kompaniya rahbari Qirg‘iziston bilan uzoq muddatli hamkorlikka ham to‘xtaldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat yiliga taxminan 500 million kub metr gaz iste’mol qiladi. Kelgusida ishga tushirilishi rejalashtirilayotgan energetika ob’ektlarini, jumladan, TES-2 va “Bishkekselmash”ni yoqilg‘i bilan ta’minlash maqsadida tomonlar uzoq muddatli shartnomalar tuzgan.
Millerning ma’lum qilishicha, ushbu shartnomalar 2040 yilga qadar amal qiladi.
Shuningdek, O‘zbekistonga gaz yetkazib berish hajmi ham so‘nggi yillarda oshgan. 2025 yilda “Gazprom” mamlakatga 6,48 milliard kub metr gaz yetkazib bergan. Bu 2024 yildagi ko‘rsatkichdan 15 foizga ko‘p.
Qayd etilishicha, O‘zbekistonga gaz Markaziy Osiyo – Markaz magistral gaz quvuri orqali yetkazib berilmoqda. Ushbu gaz quvuri hozirda revers (teskari yo‘nalish) rejimida ishlamoqda.
Miller, shuningdek, kompaniyaning Rossiyadagi gaz ta’minoti va eksport yo‘nalishlaridagi rejalariga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, “Gazprom” ichki bozorda o‘sib borayotgan gaz talabini ishlab chiqarish quvvatlarini rivojlantirish hisobiga ta’minlamoqda.
Kompaniya Yamal yarimorolidagi Xarasavey gaz konini ishga tushirish ishlarini yakunlash arafasida. Shuningdek, Chonskaya konlari guruhi uchun gaz infratuzilmasi ham ishga tushirishga deyarli tayyor. Millerning ta’kidlashicha, bu loyihalar Yamal va Yoqutistondagi asosiy gaz qazib olish markazlarining ishlab chiqarish quvvatlarini yangi darajaga olib chiqish imkonini beradi.
Bildirilishicha, “Gazprom” yer osti gaz saqlash inshootlarini rivojlantirish ishlarini ham davom ettirmoqda. Kompaniya rahbariga ko‘ra, 2026 yilda yer osti omborlaridagi gazning operativ zaxirasi 73 milliard 296 million kub metrga yetkaziladi. Bu Rossiya gaz sanoati uchun yangi tarixiy rekord bo‘lishi kutilmoqda.
Hozirda Rossiyadagi yer osti gaz omborlari maqsadli hajmning 90 foiziga to‘ldirilgan. Miller isitish mavsumi boshlanishiga qadar omborlar to‘liq to‘ldirilishini aytdi.
Kompaniya Xitoy bilan ham gaz sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda. Direktorning ma’lum qilishicha, “Sibir kuchi” gaz quvuri orqali Xitoyga yetkazib berilayotgan gaz hajmi joriy yilda ham yangi sutkalik rekordlarni qayd etmoqda. Shuningdek, 2027 yil yanvar oyida Xitoyga gaz yetkazib berish uchun yangi – “uzoq sharq” yo‘nalishidagi eksport gaz quvurini ishga tushirish rejalashtirilgan.
Miller kompaniya Rossiya sanoati bilan hamkorlikda yangi texnologiyalar va uskunalar yaratish ishlarini davom ettirayotganini ham qayd etdi. U misol sifatida “Gazprom” buyurtmasi asosida ishlab chiqilgan dengizda foydalanishga mo‘ljallangan vertolyotning seriyali ishlab chiqarilishi boshlanganini keltirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya gazini Xitoyga “Sibir kuchi” quvuri orqali yetkazib berish 2025 yilda to‘rtdan bir qismga, “Markaziy Osiyo – Markaz” tizimi orqali O‘zbekistonga yetkazib berish esa 30 foizga oshgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi