Qozog‘iston Rossiyaning vaksinasini sotib olmoqchi emas
Olam
−
12 avgust 2020
15363Klinik sinovlarning barcha bosqichlari yakunlanmaguncha Qozog‘iston COVID-19 vaksinalarini sotib olmaydi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy vakili Bog‘dod Qodjaxmetov ma’lum qildi.
"Koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksinalar barcha tegishli xalqaro sertifikatlardan o‘tganidan keyingina sotib olinadi. Mutaxassislarimizning ta’kidlashicha, eng yaxshi laboratoriya natijalari uchinchi bosqichda ayon bo‘ladi. Albatta, to‘rtinchi bosqich ham bor, ammo ungacha hali hech kim yetib borgani yo‘q. Faqatgina shu bosqichdan keyin xalqaro sertifikatlash jarayoni bo‘lib o‘tadi, u qaysi mamlakatda bo‘ladi va qaysi laboratoriya sinovidan o‘tishi noma’lum. Hamma kutmoqda", deydi Qodjaxmetov.
Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysining ta’kidlashicha, Qozog‘iston bugungacha birorta davlat bilan koronavirusga qarshi vaksinani sotib olish yuzasidan kelishuvga erishmagan.
“Sinovlar tugaguniga qadar, Qozog‘iston hech qanday dori-darmonlarni, shu jumladan COVID -19 vaksinasini sotib olmaydi. Qozog‘iston barcha xalqaro sertifikatlar va tekshiruvlardan o‘tgan dori-darmonlarni sotib olmoqda. Dunyoda hali bunday vaksina yo‘q”, deydi rasmiy.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 11 avgust kuni Rossiya koronavirusga qarshi ilk vaksinani ro‘yxatdan o‘tkazdi. Rossiyadagi koronavirusga qarshi ilk vaksina “Sputnik V” deb nomlangan. Vaksinaga navbatda turgan davlatlar qatorida Lotin Amerikasi, Yaqin Sharq va Osiyo davlatlari bor. Rossiyaga 20 davlatdan koronavirus vaksinasiga 1 mlrd doza uchun buyurtma tushgan.
“Sputnik V” vaksinasining klinik sinovi iyun oyida Sechenov universiteti va Burdenko nomidagi harbiy gospitalda boshlangandi. Ularning har birida 38 nafardan ko‘ngilli qatnashdi. Sinovning uchinchi bosqichida RF Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 2 ming ko‘ngilli qatnashadi.
Uchinchi bosqichda vaksina BAA, Saudiya Arabistoni va boshqa qator davlatlarda ham sinovdan o‘tkaziladi.
“Mening qizlarimdan biri shu vaksinaga emlandi. U sinovda ishtirok etdi”, dedi Putin hukumat yig‘ilishida.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, vaksina yuborilgan kuni qizida harorat 38 darajaga ko‘tarilgan. Keyingi kun esa 37 darajadan yuqoriroq bo‘lgan. Shu bilan isitma o‘tib ketgan.
LiveBarchasi