Qozog‘iston poytaxtida vaziyat qanday? 

Olam

image

Qozog‘iston poytaxti Nur-Sultonda bugun, 5 yanvar kuni ertalab bo‘lib o‘tgan ommaviy norozilik namoyishlaridan so‘ng vaziyat tinch. Bu haqda RIA Novosti xabar bergan.  

Kecha, 4 yanvar kuni kechqurun mahalliy politsiya bo‘limi ruxsat etilmagan mitingning bir necha ishtirokchisi hibsga olinganini e’lon qilgan. Ijtimoiy tarmoqlarda bir guruh fuqarolar Mang‘istau viloyatida namoyishchilarni qo‘llab-quvvatlash uchun poytaxt maydonlaridan biriga kelgani tasvirlangan kadrlar paydo bo‘lgan. 

Xabar qilinishicha, bugun ertalab Nur-Sultondagi vaziyat odatdagidan farq qilmaydi — jamoat transporti marshrutlar bo‘ylab harakatlanmoqda, yo‘llar tinch. 

Ta’kidlanishicha, poytaxtda mobil internet hamon ishlamayapti, messenjerlar bloklangan. 

Eslatib o‘tamiz, Qozog‘istonning Janaozen shahrida avtomobil egalari suyultirilgan gaz narxi 120 tengega (qariyb 3 ming so‘m) ko‘tarilganidan norozi bo‘lib, ommaviy mitingga chiqdi. Tobora olovlangan namoyishlar ortidan Hukumat komissiyasi Aqtau shahridagi “Intimak” maydonida namoyishchilar bilan uchrashgan. Uchrashuv davomida suyultirilgan gaz narxini pasaytirish va Mang‘istau viloyatida gaz narxini litri uchun 50 tenge etib belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.   

Muzokara davomida tomonlar barcha yuzaga kelayotgan muammolarni konstruktiv muloqotning asosiy oqimida va amaldagi qonunchilik doirasida hal qilishga kelishib olgan.   

Shuningdek, miting ishtirokchilari javobgarlikka tortilmasligiga ham kafolat berilgandi. Lekin, 5 yanvar kuni Qozog‘iston huquq-tartibot idoralari mamlakatning bir qancha viloyatlarida sodir etilgan noqonuniy harakatlar chog‘ida jamoat tartibini buzganlik uchun 200 dan ortiq kishini qo‘lga oldi.  

5 yanvar kuni, shuningdek, Qozog‘istonning amaldagi Hukumati iste’fo berdi. Prezident Qosim-Jomart To‘qayev Hukumat iste’fosini qabul qildi. 

To‘qayev mamlakatdagi norozilik vaziyatiga Hukumat, xususan, Energetika vazirligi, shuningdek, “Kazmunaygaz” va “Kazakgaz” kompaniyalarini aybladi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston namoyish

Baholaganlar

855

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing