Qoshiqchining sudiga valiahd shahzoda Salmonni ham tortish taklif qilindi
Olam
−
06 iyul 2020
5607Avval xabar berganimizdek, 3 iyul kuni Istanbulda 2018 yilning 2 oktyabr kuni Istanbul shahrida joylashgan Saudiya Arabistoni konsuligiga kirib ketib, qaytib chiqmagan, keyinroq, o‘ldirilgani aniqlangan jurnalist Jamol Qoshiqchi jinoyati bo‘yicha birinchi sud eshituvi bo‘lib o‘tdi.
Ushbu sudda BMTning suddan tashqari qotillik bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Agnes Kallamard ham ishtirok etib, o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning qayd etishicha, Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi yuzasidan Turkiyada o‘tayotgan sud Saudiya Arabistonidagiga qaraganda ancha shaffof va ishonchli. Vakil ushbu sudda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning ham nomi tilga olinishini istamoqda.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu jarayon "diktatorlarga juda muhim signal yuboradi".
"Bugun biz diktatorlarga jurnalistlarni o‘ldirolmasliklari va jazosiz qolishlari mumkinmasligi to‘g‘risida xabar yubormoqdamiz.
Saudiya Arabistonidagi sud qonuniy komediya edi. U yashirin tarzda o‘tkazildi va hech qanday haqiqiy jinoyatchilar sudga tortilmadi, shuning uchun u qonun ustuvorligidan mahrum edi”, deya ta’kidladi maxsus ma’ruzachi.
Ar-Riyod siyosatiga oid tanqidiy maqolalari bilan tanilgan Qoshiqchi 2017 yildan beri AQSHda yashab, “The Washington Post” gazetasida ishlagan. U 2018 yilning 2 oktyabr kuni o‘z mamlakatining Istanbuldagi bosh konsulxonasiga tashrif buyurganida g‘oyib bo‘lgan. 20 oktyabr kuni Saudiya rasmiylari jurnalist to‘qnashuv natijasida diplomatik vakolatxona binosida o‘ldirilganini xabar qildi. Xalqaro hamjamiyat ushbu jinoyatni qoralab, Riyodni shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
Saudiya Arabistoni Bosh prokurori 2018 yil 15 noyabrda tergovning dastlabki natijalarini e’lon qildi: qirollikning 11 fuqarosi qotillikka aloqadorlikda ayblanib, ulardan besh nafari o‘lim jazosiga mahkum etildi.
O‘tgan yilning dekabr oyida Saudiya Arabistonida yana uch kishiga jami 24 yillik qamoq jazosi tayinlangan edi.
“Bu sudga qonuniylikni ta’minlaydi. Jarayon Turkiya uchun ham, haqiqatni aniqlash uchun ham muhimdir. Ishonchim komilki, natijada ko‘proq ma’lumotlar paydo bo‘ladi.
Ish adolat, qurbonlar va Jamol Qoshiqchi uchun juda muhim”, deydi u.
U sudda Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmonning ismi ham tilga olinishi kerakligini ta’kidladi. Kallamardning aytishicha, valiahd shahzoda bo‘lib o‘tgan ishlarga aloqador bo‘lgan.
“Bin Salmonning ushbu jinoyatda ishtirok etganiga oid dalillar bor deb da’vo qiladigan yagona mamlakat AQSHdir, ammo Oq uy bu ish tergoviga veto qo‘ydi. AQSH saylovlari yaqinlashmoqda, ehtimol bu munosabat o‘zgarishi mumkin”, deya qo‘shimcha qiladi Agnes Kallamard.
Joriy yilning 3 iyul kuni Istanbulda taniqli saudiyalik jurnalist Jamol Qoshiqchining o‘ldirilishi ustidan ochilgan jinoyat ishi bo‘yicha sud boshlandi. Sudda uning qallig‘i Hadicha Chengiz ham ko‘rsatma berdi.
Tergov natijalariga ko‘ra, prokuratura Saudiya Arabistonining Istanbuldagi diplomatik vakolatxonasida yuz bergan qotillikda ishtirok etgan 20 kishining ismini 117 sahifali ayblov xulosasiga kiritdi. Ularning barchasi xalqaro qidiruvga kiritilgan.
Keyingi sud majlisi joriy yilning 24 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi belgilandi.
LiveBarchasi