Qoraqalpog‘istondagi voqealarning asosiy tashkilotchisi Dauletmurat Tajimuratovning qamoqdagi ahvoli qanday?

Jamiyat

image

Joriy yilning iyul oyida Qoraqalpog‘istonda yuz bergan namoyishlarning bosh tashkilotchisi sifatida ko‘rilayotgan va qamoqqa olingan Dauletmurat Tajimuratov tergov davomida qiynoqqa solinmagan va uning huquqlari ta’minlangan. Bu haqda uning o‘zi Qoraqalpog‘istondagi voqealarni o‘rganuvchi mustaqil komissiya a’zolari bilan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb xabar bermoqda Ombudsman.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakilining saytida xabar qilinishicha, mustaqil Komissiya a’zolari Xorazm viloyatining Urganch shahridagi 11-son tergov hibsxonasiga borib, u yerda saqlanayotgan shaxslarning yashash, ovqatlanish, tibbiy xizmatdan foydalanish hamda advokatlar va yaqin qarindoshlari bilan qisqa muddatli uchrashuv xonalardagi sharoitlarni o‘rganishgan.

Shuningdek, komissiya a’zolari bo‘lib o‘tgan holatlar va voqealarda jinoyat sodir etganligi uchun hibsga olingan Dauletmurat Tajimuratov bilan ham uchrashishgan. Uchrashuv davomida D.Tajimuratov advokat bilan ta’minlanganini va advokatining u bilan uchrashishida hech qanday qarshiliklar yo‘qligini, oila a’zolari bilan ham qisqa muddatli uchrashuv o‘tkazilganini hamda posilka va yo‘qlovlar olayotganini ma’lum qilgan.

“Tajimuratovning so‘zlariga ko‘ra, unga nisbatan tergov harakatlari davomida va tergov hibsxonasida hech qanday qiynoq, bosim yoki tazyiqlar bo‘lmagan. Ovqatlarning sifati va hibsxonadagi boshqa sharoitlarga hech qanday e’tirozi yo‘qligini bildirdi.

Komissiya a’zolari tashrif davomida gumon qilinuvchilarning Tergov hibsxonasida saqlanayotgan paytida va tergov jarayonlarida hech qanday huquqlari buzilmagani hamda ruhiy va jismoniy qiynoq holatlariga yo‘l qo‘yilmaganiga guvoh bo‘ldi”, deyiladi Ombudsman xabarida.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi. 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.

Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi. 

Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.

4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.

Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Ish doirasida D.M.Tajimuratov va A.T.Turdanov sud qarori bilan qamoqqa olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

715

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing