Qoraqalpog‘istondagi namoyishlar sabab qamalgan yana 38 kishi ozod qilindi
Jamiyat
−
14 Oktabr 2022
5680Bugun, 14 oktyabr kuni Qoraqalpog‘istondagi tartibsizliklarda gumon qilingan 38 kishi deputatlar kafolati evaziga uylariga qaytdi. Bu haqda Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi Matbuot xizmati ma’luml qildi.
Dastlab Qoraqalpog‘istonda sodir bo‘lgan tartibsizliklarda gumon qilingan 22 nafar fuqaro Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining so‘rovi hamda deputatlik kafolatlari hamda shaxsiy daxlsizlik tamoyili asosida uylariga qaytarilgan. Keyinroq ularning qatoriga yana 16 kishi qo‘shilgan.
“Namoyishlarda ishtirok etganlikda gumon qilinib, olib ketilgan shaxslar sodir etgan jinoyatidan pushaymonligi, oila a’zolari bergan murojaatlar o‘rganilib, ular yagona boquvchi ekani inobatga olinib, ozodlikka chiqarishga qaror qilindi”, deyiladi xabarda.
Joriy yilning avgust oyida tartibsizliklarda ishtirok etgan 34 nafar fuqaro oilasiga qaytgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 1-2 iyul kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahrida ayrim fuqarolar O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarni noto‘g‘ri talqin qilib, kutilmaganda namoyishlar uyushtirdi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi holatni Nukusda davlat boshqaruvi organlarini egallashga urinish deb baholadi.
Shundan so‘ng, 2 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘istonga yetib bordi va qoraqalpoq xalqi bilan muloqot qildi.
Shuningdek, Prezident Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish muhokamasi hali davom etayotganini inobatga olib hamda Qoraqalpog‘iston aholisi bildirayotgan fikr va mulohazalarni o‘rgangan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 70, 71, 72, 74, 75-moddalarini amaldagi tahrirda o‘zgarishsiz qoldirish zarurligini ma’lum qildi.
4 iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonga oid moddalar o‘zgartirilmasligi haqida qaror qabul qildi.
Sodir bo‘lgan voqealarda 516 kishi qo‘lga olindi, 243 kishi jarohatlandi, 18 kishi qurbon bo‘ldi. Holat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) 4-qismi – “Hokimiyatni bosib olish yoki O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumini ag‘darib tashlash maqsadida fitna uyushtirish” bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
LiveBarchasi