Qoraqalpog‘istonda o‘quvchilarga beriladigan yegulik ichidan endi dori chiqqani aytilyapti
Jamiyat
−
14 aprel 2023
6933Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanidagi maktablarda o‘quvchilarga tarqatilayotgan oziq-ovqat mahsulotlari ichidan dori chiqqani aytilgan xabarlar tarqaldi. Unda aytilishicha, maktablarda bunday holat birinchi marta sodir bo‘lmayapti. Maktab ma’muriyati ta’minotchi kompaniya tegishli hujjatsiz oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berayotganini ma’lum qilgan. Holat yuzasidan Ellikqal’a tumani hokimligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat tuman prokuraturasi va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi mas’ul xodimlari tomonidan o‘rganilgan.
Tumandagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabiga kecha, 13 aprel kuni “Tabassum Nukus” tomonidan 267 nafar o‘quvchiga yetkazilgan oziq-ovqat mahsulotlari maktab ishchi guruhi tomonidan qabul qilingan. Holat yuzasidan ekspertiza xulosasini olish uchun oziq-ovqat mahsulotlari namunasi Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, bundan bir necha kun oldin Qoraqalpog‘istonning Xo‘jayli tumanida maktab o‘quvchilariga berilgan oziq-ovqat mahsulotlari orasidan qum chiqqandi.
LiveBarchasi