Qorabog‘da rossiyalik harbiylar halok bo‘ldi. Tekshiruv boshlandi
Olam
−
22 Sentabr 2023 7169 2 daqiqa
Qorabog‘da Rossiya tinchlikparvar kontingentining olti nafar a’zosining halok bo‘lishi va yana birining jarohatlanishiga sabab bo‘lgan ikki hodisa yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Bu haqda Ozarbayjon Bosh prokuraturasi xabar berdi.
Joriy yilning 20 sentyabr kuni Janiyatog‘ qishlog‘ida (Terter tumani) aksilterror tadbirlarida qatnashgan Ozarbayjon Qurolli kuchlarining bir guruh harbiy xizmatchilari Rossiya tinchlikparvar kuchlari bo‘lgan avtomobilni o‘qqa tutgan.
Qayd etilishicha, harbiylar “og‘ir relef, tuman va yomg‘irli ob-havo sharoiti tufayli” mashinani “noqonuniy arman qurolli guruhlariga tegishli” deb o‘ylashgan. Oqibatda Rossiya tinchlikparvar kontingentining besh nafar harbiy xizmatchisi halok bo‘lgan.
Bundan tashqari, o‘sha hududda “noqonuniy arman qurolli tuzilmalarining noma’lum a’zolari” Rossiya tinchlikparvar kuchlariga tegishli “Kamaz”ga qarata o‘q uzgan, oqibatda bir rossiyalik askar halok bo‘lgan, yana biri yaralangan.
Bildirilishicha, kecha, 21 sentyabr kuni Ozarbayjon va Rossiya Bosh prokurorlari o‘rtasida telefon suhbati bo‘lib o‘tgan. Ozarbayjon Bosh prokurori askarlarning halok bo‘lgani munosabati bilan Rossiya tomoniga chuqur hamdardlik bildirgan. Bosh prokuratura tomonlar yaqin hamkorlikda keng qamrovli tergov o‘tkazishga kelishib olganini ma’lum qilgan. Prokuratura tomonidan jinoyat ishi bo‘yicha tergov-tezkor tadbirlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 19 sentyabr kuni Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. 20 sentyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 13:00 da mazkur tadbirlar to‘xtatildi. Kecha, 21 sentyabr kuni Yevlax shahrida Qorabog‘ arman jamiyati vakillari Ozarbayjonning mas’ul vakili bilan uchrashib, muzokara o‘tkazdi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev ham rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putin bilan telefon orqali Qorabog‘dagi aksilterror choralarini yakunlash masalasini muhokama qilgandi. U ham Putinga Rossiya tinchlikparvar kontingenti harbiy xizmatchilarining fojiali halok bo‘lgani munosabati bilan uzr so‘rab, chuqur hamdardlik bildirgan.
Live
Barchasi