Ozarbayjon Qorabog‘da qurolli hujumni to‘xtatdi
Olam
−
20 Sentabr 2023
5510Ozarbayjonning Qorabog‘ viloyatida konstitutsiyaviy tuzumni tiklash bo‘yicha mahalliy aksilterror tadbirlari to‘xtatildi. Bu haqda bugun, 20 sentyabr kuni Ozarbayjon Respublikasi Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
Bayonotga ko‘ra, Qorabog‘dagi arman aholisi vakillarining Rossiya tinchlikparvar kontingenti orqali kelib tushgan murojaatini inobatga olib, 2023 yil 20 sentyabr kuni soat 13: 00 dan boshlab quyidagi shartlar asosida mahalliy aksilterror tadbirlarini to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilgan:
1. Armaniston Qurolli kuchlarining tuzilmalari va Ozarbayjon Respublikasining Qorabog‘ viloyatida joylashgan noqonuniy arman qurolli tuzilmalari qurollarini tashlab, jangovar pozitsiyalari va harbiy postlarini tashlab, to‘liq qurolsizlantiriladi. Armaniston qurolli kuchlari bo‘linmalari Ozarbayjon hududini tark etmoqda, noqonuniy arman qurolli tuzilmalari tarqatib yuborilmoqda.
2. Shu bilan birga barcha qurol-yarog‘ va og‘ir texnikalar topshiriladi.
3. Yuqoridagi jarayonlarni amalga oshirish Rossiya tinchlikparvar kontingenti bilan kelishilgan holda ta’minlanadi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Qorabog‘da “Ozarbayjon Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini tiklash maqsadida” mahalliy aksilterror choralari boshlanganini e’lon qilgandi. Baku tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishon emasligini ta’kidlagandi. Keyinchalik Ozarbayjon Mudofaa vazirligi xavfli hududdan aholini evakuatsiya qilish uchun gumanitar yo‘laklar va qabul punktlari yaratilganini bildirgan. Voqealar fonida Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishini o‘tkazib, (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyatni muhokama qilgan. Majlisdan so‘ng, Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning Qorabog‘ hududidagi harbiy amaliyotlarda qatnashishni rejalashtirmayotganini ma’lum qildi. Fransiya esa BMT Xavfsizlik kengashining Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bo‘yicha favqulodda yig‘ilishini talab qildi. Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Ozarbayjonning (tan olinmagan) Tog‘li Qorabog‘dagi harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
LiveBarchasi