Qodirovdan Tolstoyga javob: Biz ham o‘zbek tilini bilmaydiganlarni ishdan haydashimiz kerakmi?
Jamiyat
−
16 noyabr 2023
9939Avvalroq, Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Pyotr Tolstoy sobiq Sovet ittifoqiga kirgan davlatlarda, xususan, O‘zbekistonda Rossiyada ishlayotgan migrantlar hisobidan rus tilida o‘qitiladigan maktablar qurishni taklif qilgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov ham Tolstoyning chaqirig‘iga o‘z munosabatini bildirdi.
Deputatga ko‘ra, O‘zbekiston ham Pyotr Tolstoy ilgari surayotgan yo‘ldan borsa, mamlakatdagi o‘zbek tilida so‘zlashmaydigan xodimlarni ishdan bo‘shatishi kerak bo‘ladi, lekin bu mamlakatning tanlagan yo‘liga to‘g‘ri kelmaydi.
“Biz o‘zbek tilini bilmaydigan xizmatchilarni ishdan haydashni taklif qilishimiz kerak(mi?) Biz boshqa yo‘ldan boramiz – ularga o‘zbek tilini o‘rgatamiz. Siz esa o‘zingiz ishlashni o‘rganing. Bu rus tiliga qachonlardir haqiqiy hurmat paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin”, deb yozgan Qodirov.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Yoshlar siyosati departamentining rahbari Qahramon Quronboyev Moskvaga borib, Rossiya Davlat Dumasi vitse-spikeri Vladislav Davankov bilan uchrashuvda Rossiya hukumatidan o‘zbek diasporasi hisobidan mamlakatda mehnat muhojirlarining farzandlari uchun xususiy bog‘cha va maktablar ochishda yordam so‘ragandi.
Shundan so‘ng, Rossiyalik deputat Mixail Delyagin mazkur tashabbus mamlakat qonunlariga mos kelmasligini aytib, O‘zbekiston Rossiyadan fuqarolarini olib ketishi kerakligini iddao qilgandi. Bunga javoban deputatning O‘zbekistondagi mavqedoshlari, jumladan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Markaziy kengashi raisi Alisher Qodirov Rossiyada o‘zbeklar va o‘zbek tiliga munosabat “Delyagincha” bo‘lsa, O‘zbekistonda ham rus tiliga munosabat butkul o‘zgarishi kerakligini aytgan, “Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis deputati Bobur Bekmurodov esa o‘zbekistonliklar halol mehnatlari evaziga o‘z oilalarini moddiy ta’minlayotganini, Rossiya ularni tekinga boqmayotganini eslatgan edi.
LiveBarchasi