Qodirov tirbandlikni yo‘qotish uchun tramvayni qaytarishdan ko‘ra tejamkor taklif berdi
Jamiyat
−
12 fevral 2022
35304O‘zbekistonda yo‘llardagi tirbandlik asosan talabalar hisobiga yuzaga kelmoqda. Yo‘llarda avtobuslar uchun alohida yo‘laklar ajratilsa, harakat tartibga kelib, tirbandlik bartaraf etilishi mumkin. “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov shunday fikr bildirdi.
Qodirov avtobus harakati uchun alohida, ajratib qo‘yilgan yo‘l bo‘lishi avtobusni aniq grafik asosida harakatini ta’minlashini qayd etib, bu tramvay uchun qayta tizim yaratishdan arzonroqqa tushishini aytib o‘tgan. So‘zi isboti sifatida Turkiyaning Istanbul shahrini ko‘rsatgan.
Shuningdek, deputat qonunlar borasida ham fikr bildirib, ular faqat insonparvar bo‘lishi emas, insonlarni himoya ham qilishi kerakligini ta’kidlagan.
“Tartibbuzar og‘zini to‘ldirib jamiyatga aql o‘rgatmasin, odamlarni chalg‘itmasin, o‘zidan “tasodiflar qurboni” yasamasin - jazosini olsin, tamom!
Zo‘ravon, g‘o‘daygan, pastkashlik kompleksini mashinasi vositasida tartibga tupuradigan erkatoylar yoki farosatdan mahrum, hayotining mazmuni avtomashinadan iborat, qoidani o‘rganish va amal qilishga aqli ham, sabri ham yetmaydigan “kaltabin grajdanlarni” haydovchilik huquqidangina emas, ozodligidan ham mahrum qilish, 2-3 yil qayta tarbiyalash muassasalariga mahkum qilish to‘g‘ri bo‘ladi deb o‘ylayman.
Bundaylarni to‘xtatish uchun kimlarnidir moli yoki joniga zarar yetishini, bir onani bolasining jasadi ustida chirqillashini kutib o‘tirish kerak emas”, deydi partiya yetakchisi.
Uning ta’kidlashicha, jamoat transporti tizimli va sifatli bo‘lsa, aholi xususiy avtomobildan kam foydalanadi. Jamoat transporti tizimsiz va sifatsizligida tirbandlikni o‘rni katta.
Deputat yo‘lovchilar avtobuslarga kunlik “plan” qo‘yish ham noto‘g‘ri ekanini urg‘ulab, shunday deydi:
“Avtobuslarga pul to‘plash rejasi qo‘yilishi tartibsizlikni boshlanish nuqtasi. Avtobusga qanday qilib kunlik reja qo‘yish mumkin? U yo‘lovchi terib yurishi emas, belgilangan vaqtda, belgilangan joyda bo‘lishi kerak! Hatto, yo‘lovchisi bo‘lmasa ham!”
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 fevral kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida Toshkentga tramvay qaytarilishi haqida ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi