Qodirov imomni ayblagan qo‘mitaga: “Yaqinda qurilgan yo‘l o‘pirilib tursa, kim halolligini isbotlashi kerak?”

Jamiyat

image

Avvalroq, Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi “Mirza Yusuf” jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziyning (Rahmatulloh Sayfiddinov) yo‘llardagi o‘pirilishlar va sohadagi korrupsiya haqida bildirgan fikrlari uchun Musulmonlar idorasiga shikoyat qilgani haqida xabar bergan edik.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov Qo‘mita imom ustidan shikoyat qilganiga munosabat bildirdi.

“Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Musulmonlar idorasiga “Mirza Yusuf” jome masjidi imom xatibi Sayyid Rahmatulloh Termiziydan shikoyat qilibdi.

Domlaning, agar xizmatchida iymon bo‘lsa, e’tiqod bo‘lsa halol ishlaydi degan so‘zlari yoqmagan, buni haqorat deb qabul qilishibdi”, deydi Qodirov.

U so‘zida davom etib, bundan bir qancha vaqt avval “Milliy tiklanish” DP fraksiyasining tashabbusi bilan Qonunchilik palatasida ham ushbu qo‘mitaning axboroti eshitilgani va keskin tanqid qilinganini eslatgan.

Deputatning ta’kidlashicha, joriy yilda avtomobil yo‘llari qurish uchun 2,2 trillion so‘m mablag‘ ajratilgan. O‘tgan yilda bu miqdor 1,51 trillion so‘mni tashkil etgan.

O‘zbekiston hududida 4 ming kilometrga yaqin xalqaro ahamiyatdagi yo‘llar bor. Axborotga ko‘ra bu yil:

•    A380 yo‘lining 753-765, 806-812 va 916-964 kilometrlari;
•    A373 yo‘lining 0-15 va 450-475 kilometrlari;
•    M39 yo‘lining 1315-1330 kilometrlari;
•    A378 yo‘lining 0-2,4 kilometrlari ta’mirlangan. 

“Usulni qarang... Bardavom va bitmas-tuganmaslikning formulasi.

Bu usulda O‘zbekistondagi xalqaro yo‘llar 2 ming yildan keyin ham talab darajasiga chiqmaydi. Chunki, ta’mirlab bo‘lgan qismingizni tugatishingiz bilan o‘tgan yili ta’mirlashni tugatgan qismingiz yana ta’mirtalab bo‘lib qolaveradi. Byudjet esa mehribon sog‘in sigirdek, so‘rasak beraveradi”, deydi Alisher Qodirov.

Ma’lum bo‘lishicha, qo‘mita hisoboti eshituvchida “Milliy tiklanish” DP deputatlaridan biri qo‘mita raisiga ochiqchasiga soha korrupsiyaga botib ketganligini aytganida, qo‘mita raisi jahl bilan isbotlab berishni talab qilgan.

“Agar yaqinda qurilgan yo‘l, bir yilga bormasdan to‘lqinlanib, o‘pirilib tursa, kim aslida o‘zini halolligini isbotlashi kerak?

100 yil kafolatli sifat bilan quradigan yo‘lsozlar iymonli, e’tiqodli, eng kamida shirkatini sha’ni uchun mas’uliyatli yo‘lsozlardir. 

Iymon, e’tiqod, halollikni o‘rgatish, ma’ruza qilish, unga chaqirish vazifasi bo‘lgan imomni ayblash emas, borib duo olish kerak! Avtomashinasining g‘ildiragi chuqurga tushgan har bir vatandosh yo‘lsozlarni badduo qilayapti. Aslida badduo qilmasdan huquqimizni talab qilish, mas’uliyatsiz qurilish oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplatishga o‘rganishimiz zarur. Bu nafaqat yo‘l, barcha sohalarga tegishli masala.

Halollik bo‘lmagan joyda sifatli yo‘l ham, sifatli ta’lim ham, pirovardida rivojlanish ham bo‘lmaydi”, deydi deputat Alisher Qodirov.

Ma’lumot uchun, Qo‘mita imom Sayyid Rahmatulloh Termiziy ustidan Musulmonlar idorasiga shikoyat qilishi ortidan, idora Toshkent shahar vakilligiga holat bo‘yicha o‘rganish o‘tkazib, bu bo‘yicha murojaatchi tashkilot va Musulmonlar idorasiga rasmiy javob berishni topshirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Alisher Qodirov Avtomobil' yo'llari qo'mitasi

Baholaganlar

667

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing