QQS mojarosi: Senat tadbirkorlar va DSQ o‘rtasidagi nizo yuzasidan bayonot berdi
Jamiyat
−
18 fevral 2021
8958Xabaringiz bor, shu kunlarda Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) to‘lovlarini noqonuniy ravishda kamaytirish maqsadida shubhali operatsiyalarni amalga oshirgan 396 ta tadbirkorlik sub’ektlarining ro‘yxati e’lon qilingani va ular bilan munosabatlarga kirishgan tadbirkorlarga QQS summasiga o‘zgartirish kiritish hamda qayta aniqlashtirilgan hisobotlarni taqdim etish yuzasidan xabarnomalar yuborilgani jamoatchilik muhokamasiga sabab bo‘lmoqda.
Oliy Majlis Senati Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotlar mutasaddilariga so‘rov yuborildi va nazoratga olindi. Bu haqda yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, tez orada so‘rov natijalari, xususan, ushbu holatga qonuniy chora ko‘rilishi haqida batafsil ma’lumot beriladi.
Eslatib o‘tamiz, “Naqdlashtiruvchi firma”lar deb atalayotgan 296 ta kompaniya turli operatsiyalar orqali QQS to‘lamay kelgan. Endilikda esa ular to‘lashi kerak bo‘lgan QQS 10 mingga yaqin tadbirkorning gardaniga tushmoqda. To‘lanishi kerak bo‘lgan mablag‘ esa oz emas, naq 915 milliard so‘m.
QALAMPIR.UZ bilan muloqotda bo‘lgan tadbirkorlar DSQ ularga ogohlantirish yuborganini ma’lum qildi. Lekin tadbirkorlar xatda pullar yechib olinishi haqida hech nima deyilmaganini ta’kidlamoqda.
Senatdan tashqari, Biznes-ombudsman ham Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan qo‘shimcha qiymat solig‘i yuzasidan tadbirkorlik sub’ektlariga yuborilgan xabarnomalarning qonuniyligini o‘rganishni boshladi.
LiveBarchasi