Qirg‘izistonliklar oltin konlarini egallab olyapti
Olam
−
06 Oktabr 2020
22778Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda davom etayotgan namoyishlar fonida mamlakatdagi fuqarolar qimmatbaho metall qazib olinadigan konlarni egallab olyapti.
“Alyanc Altin” kompanyasi o‘ziga tegishli “Jeruy” oltin koniga noma’lum shaxslar hujum qilgani uchun konchilarni uyiga tarqatib, barcha ishlarni to‘xtatib qo‘ydi. Bu haqda “Economist.kg” xabar berdi.
“Noma’lum shaxslarning taqiqlangan hudud – “Jeruy” ishlab chiqarish hududiga ruxsatsiz kirishi munosabati shunday qaror qabul qilindi”,degan kompaniya vakili.
Nashrning qo‘shimcha qilishicha, konga talonchilar kirib olgan. Ijtimoy tarmoqlarda esa korxona hududi yonayotgani aks etgan video tarqalgan.
“Interfaks” ma’lumotiga ko‘ra, “Jeruy” oltin koni talangan va yoqib yuborilgan.
Bundan tashqari, noma’lum shaxslar Qirg‘izistondagi 97 foiz oltinni ishlab chiqaruvchi “Kirgizaltin” OAJ binosini egallab olishga uringan.
OAJ vakilining so‘zlariga ko‘ra, Bishkek markazida joylashgan kompaniya binosiga 50 ga yaqin odam bostirib kirishga urinyapti.
“Xodimlar davlat mulkini qo‘riqlayapti. Jamoa binoda navbatchilik qilyapti, faqat erkaklar qolgan, bizga drujinniklar yordamga keldi, ular ko‘maklashishyapti”, degan “Kirgizaltin” vakili.
Qora-Boltada “Kirgizaltin”ga qarashli oltinni qayta ishlovchi zavod egallab olingan. Qimmatbaho metalning xavfsizligi yuzasidan hech bir ma’lumot yo‘q.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
LiveBarchasi