Qirg‘izistondagi qonli voqealar qanday kechgan edi?
Tahlil
−
07 aprel 2023
15749Bundan 13 yil oldin 2010 yilning 7 aprel kuni Qirg‘iziston tarixidagi eng qonli voqealarning biri sodir bo‘lgan edi. Uning oqibatida hokimiyat almashgan, mamlakat rahbariyatining deyarli barchasi qochib ketgan edi.
Tarixga nazar solsak, 6 aprel kuni Bishkekdagi Ala-Too maydonida muxolifat tarafdorlari va huquq-tartibot idoralari orasida ro‘y bergan to‘qnashuv bu harakatlarning boshlanishi bo‘lganiga amin bo‘lamiz.
5 aprel kuni Qirg‘iziston Ichki ishlar vaziri Moldomusa Kongantiyev muxolifatning ruxsat etilmagan mitinglariga yo‘l qo‘yilmasligi, ular qattiq bostirilishini ma’lum qilgan. Shu bois to‘plangan muxolifat vakillari janubiy viloyatlar va Bishkek politsiyachilaridan tuzilgan maxsus kuchlarning birlashgan otryadi tomonidan tarqatila boshlangan. Bundan tashqari, Talas viloyati davlat ma’muriyati binosi oldidagi maydonda politsiyachilar muxolifatchi Bolot Sherniyozovni hibsga olgan.
Bu esa talasliklarning g‘azabini qo‘zg‘agan va ular militsiyaga tosh otishni boshlagan. Maydon bir necha bor namoyishchilardan tozalangan, biroq kechqurun va tunda politsiya ommaviy kaltaklangan – mahalliy aholi 200 dan ortiq maxsus kuchlarni do‘pposlagan, viloyat hokimligi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi binolarni yoqib yuborgan. Shu bilan birga, Ichki ishlar boshqarmasidan 700 dan ortiq qurol-yarog‘ yo‘qolgan, vaqtinchalik hibsxonada saqlanayotgan 70 ga yaqin mahbus qochib ketgan.
Kechasi Ichki ishlar vaziri Kongantiyev Bosh vazir o‘rinbosari Oqilbek Japarov bilan birga qo‘zg‘olonchilarni tinchlantirish uchun Talasga borgan. Ammo uning otryadi tarqalib ketgan va Ichki ishlar vaziri asirga olinib, qattiq kaltaklangan. Talasdagi maxsus operatsiyaga rahbarlik qilgan Bosh vazir o‘rinbosari Oqilbek Japarov ham g‘oyib bo‘lgan. Biroq oradan bir necha kun o‘tib, u tirik va deyarli betalafot holda paydo bo‘lgan.
6 apreldan 7 aprelga o‘tar kechasi maxsus xizmatlar Bishkekda Almazbek Atamboyev, Temir Sariyev, Keneshbek Dusheboyev, Omurbek Tekeboyev kabi muxolifat yetakchilarini hibsga olgan. Roza Otunboyeva esa ozodlikda qolgan va uning qayerdaligi sir saqlangan.
7 aprel kuni ertalab Bosh vazir Doniyor Usenov Bishkekda katta matbuot anjumani o‘tkazib, namoyishchilarni “banditlar” deb atagan va jurnalistlarni Talasdagi vaziyat normal holatga qaytishiga ishontirgan. Ammo u tomonidan keltirilgan ba’zi faktlar Talasdagi maxsus kuchlar mag‘lubiyatga uchraganidan dalolat bergan. Masalan, Doniyor Usenov 15 nafar politsiya xodimi bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan.
Bosh vazir matbuotga intervyu berayotgan bir paytda Bishkekning Olma-Atinskaya ko‘chasi bo‘ylab muxolifat vakillari to‘plangan. Politsiya bu yerda ham yig‘ilganlarni tarqata boshlagan. Biroq soat 11 larda namoyishchilar yordamga kelgan politsiya va maxsus xizmatning “Alfa” guruhini ag‘darib tashlashga muvaffaq bo‘lgan. Davlat xodimlari ommaviy ravishda kaltaklangan, ammo ba’zi odamlar qirg‘inni to‘xtatib, qonga belangan qurbonlarni olomondan olib ketishgan.
Odamlar 6 ga yaqin politsiya mashinasini yoqib yuborgan. Shundan so‘ng, katta olomon Chuy prospektida kolonna bo‘ylab Oq uy (Prezident qarorgohi) tomon harakatlangan. Harbiy qurollar va granatomyotlar bilan to‘lgan ikkita harbiy yuk mashinasi ham namoyishchilar qo‘lida bo‘lgan. Soat 13:00 atrofida ular Ala-Too maydoniga yetib borgan.
Yuk mashinalari Oq uy darvozalarini buzishga harakat qilgan, biroq ularning haydovchilari politsiyachilar tomonidan otib tashlangan. Aftidan politsiya rezina o‘qlarni ishlatgan, chunki o‘shanda hech kim jabrlanmagan va haydovchilar qochib ketgan. Politsiya otryadi yana odamlarni tarqatib yuborishga kirishgan va natijada namoyishchilar Oq uydan orqaga surilgan.
Ala-Too maydonida esa qalqon va dubulg‘a bilan jihozlangan Ichki ishlar vazirligi kursantlari saf tortgan. Ularga post patrul xizmati jamoasi yordam bergan. Ammo politsiyachilar juda oz bo‘lgan. 200 ga yaqin xizmatchilar bir necha ming fuqarolarni tarqatib yuborish uchun yetarli bo‘lmagan.
Namoyishchilar politsiyaga tosh otib, asta-sekin olg‘a siljigan. To‘satdan post-patrul xizmati xodimi yonida granata portlagan. Oqibatda politsiyachi Almaz Akchakeyev ikkala oyog‘idan ayrilgan.
Kursantlar yana bir necha daqiqa ustiga yog‘ilayotgan toshlarga bardosh bergan. Keyin ularning oyoqlari ostida ham bir granata portlagan. Oqibatda ularning safi parchalanib ketgan va kursantlar qocha boshlagan. Yugurib kelayotgan namoyishchilar ularni tayoq bilan urgan. Ikki nafar kursant — Edil Takirbashev va Nikita Kush vafot etgan.
Politsiyani tarqatib yuborgan namoyishchilar Oq uyga yaqinlashgan va ichkariga kirishga harakat qila boshlagan. 10-15 ga yaqin odam bayroqlar bilan darvozadan oshib o‘tgan va ularni bir necha soniya ichida snayperlar otib tashlagan.
Keyin qirg‘in boshlangan. Snayperlar dastlab Oq uy perimetri ichiga kirganlarning hammasini otib tashlagan, biroq odamlar tarqalmaganini ko‘rib, panjara ortida turganlar ham o‘qqa tutila boshlagan. Doimiy ravishda yangi odamlar kelib, namoyishchilarga qo‘shilgan, vaqti-vaqti bilan ular hujumga o‘tgan, ammo yo‘qotishlar bilan orqaga chekingan.
Prezident Ishlari ma’muriyatining maxsus poliklinikasi binosi jasadlar va yaradorlar bilan to‘lib ketgan. Namoyishchilarning yana bir katta guruhi hibsga olingan muxolifat yetakchilarini qutqarishga urinib, Milliy xavfsizlik xizmati binosini qurshab olgan. Qurshov 2 soatdan oshiq davom etmagan va barcha hibsga olinganlar ozod qilingan.
Soat 16:00 dan 18:00 gacha namoyishchilar Bosh prokuratura binosini talon-toroj qilib, unga o‘t qo‘ygan, keyin esa Jogorku Kenesh binosiga bostirib kirilgan. Kechki soat 20:00 atrofida o‘sha paytdagi prezident Qurmanbek Bakiyev Oq uyni tark etgan. Bu burilish nuqtasi bo‘lgan. Undan keyin qolgan xodimlar ham qochib ketishni boshlagan.
Kechga yaqin Oq uyda faqat harbiylar va bosh vazir D.Usenov qolgan. Yarim tunda u ham taslim bo‘lgan va Ichki ishlar askarlari himoyasida jo‘nab ketgan. Shundan keyin mamlakatda rasmiy hokimiyat vakillari qolmagan. Hokimiyatga esa Roza Otunboyeva boshchiligidagi muvaqqat hukumat kelgan.
Shunday qilib, Qirg‘iziston tarixidagi qonli kun tugagan. Hammasi bo‘lib 87 kishi halok bo‘lgan, 300 dan ortiq kishi jarohat olgan. Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Qurmanbek Bakiyev, Davlat xavfsizlik xizmati sobiq rahbari Janish Bakiyev va sobiq bosh vazir Doniyor Usenov 2010 yil 7 aprel voqealarida ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilingan. Hukm 2014 yil 25 iyulda e’lon qilingan.
LiveBarchasi