Qirg‘izistonda o‘zbekistonliklardan 15 dollar yig‘im undirish taklif qilindi (video)

Olam

image

O‘zbekiston tegishli nizomga muvofiq orqa oynalari qoraytirilgan Qirg‘iziston mashinalaridan 15 dollar miqdorida yig‘im undirmoqda. Jogorku Kenesh deputati  O‘zbekiston mashinalaridan ham xuddi shunday yig‘im undirishni taklif qildi. Bu haqda bugun, 2 aprel kuni Jogorku Kenesh yig‘ilishida qirg‘izistonlik deputat Dastan Bekeshev ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston O‘zbekiston transporti uchun bunday talablarni joriy etmagan.

“Kelinglar, jarimani bekor qilamiz yoki biz ham shunday norma kiritamiz”, dedi deputat TIV rahbariga murojaat qilib.

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vaziri Jeenbek Kulubayev bunga javoban, agar bu qo‘shni davlatning ichki qonuni bo‘lsa, TIV unga aralasha olmasligini bildirgan.

“Lekin biz bu masalani paritet asosida ko‘rib chiqishimiz va uni hukumatlararo komissiya yig‘ilishida ko‘tarishimiz mumkin”, degan u.

Bekeshevning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston chegarachilari hatto qirg‘iz banklaridan birining to‘lov tizimini o‘rnatib, jarima pullarini shu tizim orqali qabul qilmoqda.

“Konsultatsiya o‘tkazamiz. Yoki jarimani olib tashlaymiz, yoki biz ham kiritamiz”, deya fikrini takrorlagan Kulubayev.

Ma’lumot uchun, 2018 yilda “Xorijiy davlatlarning oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yig‘imlarni undirish tartibi to‘g‘risidagi” nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Nizomga muvofiq, xorijiy davlatlarning oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalari deganda, xorijiy davlatlarda ro‘yxatda turgan, yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan, o‘rindiqlar soni sakkiztadan oshmaydigan, vazni 3,5 tonnagacha bo‘lgan, old, yon va orqa oynalaridan biri yoki bir nechtasining tusi o‘zgartirilgan avtotransport vositalari tushuniladi.

Oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining O‘zbekistonga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun 15 AQSH dollari miqdorida chegara bojxona postidagi bank kassalari orqali majburiy yig‘im undiriladi. Kassada kvitansiya rasmiylashtiriladi hamda uning bir nusxasi haydovchiga beriladi.

Yo‘l-patrul xizmati haydovchilardan majburiy yig‘imlar undirilganligini tekshirish uchun kvitansiya nusxasini ko‘radi, majburiy yig‘imlar to‘lanmaganligi aniqlanganda ma’muriy javobgarlik choralari ko‘riladi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonda orqa oyna va orqa yon oynalarni tekin qoraytirish mumkin. Old eshik oynalarini qoraytirishga ruxsat olish esa yiliga 3 million so‘mni tashkil etadi. Pullik tonirovka holatida old eshik oynalarining umumiy yorug‘lik o‘tkazuvchanligi 30 foiz dan 70 foizgacha bo‘lishi lozim. Turistlarga xizmat ko‘rsatuvchi avtobus, mikroavtobus va minivenlarning yon oynalarini 70 foiz qoraytirish mumkin, buning uchun tegishli ruxsatnoma olish talab etiladi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Qirg'iziston tonirovka yig'im

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing