Qirg‘izistonda Jeenbekovning iste’fosi taklif qilinishi mumkin – OAV

Olam

image

Qirg‘iziston muxolifatining Muvofiqlashtiruvchi kengashi Prezident Sooronbay Jeenbekovga o‘z xohishi bilan iste’foga chiqishni taklif qilishi mumkin. Bu haqda 24.kg axborot agentligi xabar bermoqda. 

Qayd etilishicha, Muxolifat Muvofiqlashtiruvchi Kengashi voqealarning bunday rivojlanishini istisno etmaydi. Bundan tashqari, kengash bugun, 6 oktyabr kuni o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilish paytida mamlakat parlamenti Jeenbekovga impichment e’lon qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishi mumkin deb hisoblaydi. Qonun chiqaruvchi organning Matbuot xizmati, birinchi navbatda, kvorum yig‘ish kerakligini aytgan. 

TASS berayotgan ma’lumotlarga qaraganda, Qirg‘iziston parlamenti deputatlari qonun chiqaruvchi organning navbatdan tashqari yig‘ilishi o‘tkazish uchun kvorumni to‘play olmaganlar.  

"Uchrashuv joyiga ozgina deputatlar kelishdi, ularning soni yig‘ilish o‘tkazish uchun yetarli emas", deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 6 oktyabr kuni Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov mamlakatda sodir bo‘lgan tartibsizliklar haqida videobayonot berdi. Uning qayd etishicha, davlat hokimiyatini noqonuniy egallab olishda siyosiy kuchlarning harakati mavjud. Davlat rahbari siyosiy partiyalar rahbarlarini o‘z tarafdorlarini tinchlantirishga va ularni namoyishlar o‘tayotgan joylardan uzoqlashtirishga chaqirgan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda ro‘yxatdan o‘tgan 3,5 million saylovchining 1,98 millioni yoki 56,2 foizi qatnashgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, to‘rtta siyosiy partiya 7 foizlik barerdan o‘tib, mamlakatning eng yuqori qonun chiqaruvchi organining yangi tarkibiga kirishi mumkin. Bular “Birlik” (24 foiz), “Makonim Qirg‘iziston” (24 foiz), “Qirg‘iziston” (8 foiz) va “Butun Qirg‘iziston” (7 foiz) partiyalari.

Saylovning yakuniy natijasi 20 kun ichida e’lon qilinishi kerak edi. Ammo saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr kuni ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor. 

Bugun, 6 oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini bekor qilish haqida qaror qabul qildi


Maqola muallifi

Teglar

Sooronbay Jeenbekov Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

295

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing