Qirg‘izistonda vaziyat keskin. Kuch ishlatar tuzilmalar bayonot bilan chiqdi

Olam

image

Qirg‘iziston kuch va huquqni muhofaza qilish tuzilmalari rahbarlari mamlakat siyosiy kuchlaridan mamlakatdagi vaziyatni qonuniy asosga qaytarishni talab qilishdi. Bu haqdagi bayonot bugun, 8 oktyabr kuni Bishkekda o‘tgan yig‘ilishda o‘qib eshittirilgan.  

"Qirg‘iziston Respublikasi huquqni muhofaza qilish idoralari, maxsus xizmatlari va Qurolli Kuchlari respublikaning barcha siyosiy kuchlaridan har bir qirg‘izistonlik fuqaroning manfaatlari yo‘lida muzokaralar stoliga o‘tirishni va mamlakatni qonuniylik va ijtimoiy barqarorlikning asosiy oqimiga qaytarishni talab qilmoqda", deyiladi xabarda. Yig‘ilishda, boshqa narsalar qatori, Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi va Bosh shtab, shuningdek, Davlat chegara xizmati va Mudofaa davlat qo‘mitasi rahbarlari ishtirok etgan. 

Qayd etilishicha, yig‘ilishda shuningdek, "strategik va boshqa muhim ob’ektlarni" kuchaytirilgan himoya ostiga olishga, chegaraning eng himoyasiz qismlarini "nazorat punktlari tashqarisidan noqonuniy kesib o‘tishga urinishlarning oldini olish maqsadida" himoya qilishni kuchaytirishga va "fuqarolarning mamlakat hududidan chiqishini taqiqlashga” qaror qilingan.  Unga o‘kra, taqiqlar mamlakatda noqonuniy xatti-harakatlarni amalga oshirishda ishtirok etgan mansabdor shaxslarga ham amal qiladi. 

"Buzg‘unchi kuchlar tomonidan mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan barcha urinishlarni, shu jumladan mintaqalararo va millatlararo asoslarda provokatsion harakatlarni zudlik bilan va qat’iyan bostirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi”,  deyiladi xabarda. 

Xavfsizlik idoralari rahbarlari mamlakatda vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan urinishlarni qat’iy va tezkor tarzda bostirishga qaror qilishdi. 

"Buzg‘unchi kuchlar tomonidan mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni beqarorlashtirishga qaratilgan barcha urinishlar, shu jumladan mintaqalararo va millatlararo asoslarda provokatsion harakatlar, shuningdek, davlat organlari va xususiy biznes faoliyatiga to‘sqinlik qilish, turli xil ob’ektlarni o‘zboshimchalik bilan tortib olish kabi harakatlar tez va qat’iy ravishda bostirilsin”, deyiladi bayonotda. 

Shuningdek, "chegara bojxona postlaridan noqonuniy ravishda o‘tishga urinishlarning oldini olish uchun chegaraning eng zaif joylarida xavfsizlikni kuchaytirish to‘g‘risida" qaror qabul qilingan.  Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Matbuot xizmatiga ko‘ra, "qurolli kuchlar, maxsus xizmatlar va huquqni muhofaza qilish idoralari siyosatdan tashqarida, ular siyosiy partiyalar va boshqa manfaatdor guruhlarning vositasi emas".

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi. 

Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.

Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.

Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.

Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.

Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.

O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'izistondagi vaziyat

Baholaganlar

333

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing