Qirg‘izistonda uyushgan jinoiy guruhga aloqador 200 ga yaqin amaldor ishdan bo‘shatildi
Olam
−
11 dekabr 2023
9291Qirg‘izistonda oktyabr oyida o‘ldirilgan kriminal avtoritet Qamchibek Qo‘lboyev va bojxona xizmati rahbarining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov boshchiligidagi uyushgan jinoiy guruhga aloqador 180 dan ortiq mansabdor lavozimidan bo‘shatildi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, ayni paytgacha jami 226 nafar davlat xizmatchisining jinoiy olamga aloqadorligi aniqlangan. Shundan bojxona tizimida fosh etilgan 85 nafar xodimdan 76 nafari ishdan chetlatilgan. Ichki ishlar vazirligidagi 26 nafar shaxsdan 14 nafari lavozimidan ayrilgan. Mahalliy Kengashning 6 nafar deputati o‘z mandatini topshirgan.
Shuningdek, tuman davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari va mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan 65 nafar xodim hamda boshqa vazirlik va idoralarda faoliyat yuritayotgan bir qator xodimlar ishdan olingan.
“Hozirda aniqlangan boshqa davlat organlari xodimlari ustidan tegishli qo‘shimcha ishlar davom ettirilmoqda. Davlat organlarini insofsiz, manfaatparast, g‘arazgo‘y xodimlardan tozalashga qaratilgan tadbirlar bundan keyin ham davom ettiriladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni qirg‘izistonlik kriminal avtoritet Qamchibek Ko‘lboyev (“Kolya Qirg‘iz”) Bishkekda qo‘lga olinayotganda mamlakat Milliy xavfsizlik xodimlari tomonidan otib o‘ldirilgandi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev To‘qmoq shahrida qo‘mitaning yangi binosi ochilishida qatnashib, jinoyatchilarga qarata “bittasi bosh ko‘tarsa, o‘sha boshni chopishi”ni aytgandi. Yevroosiyo tahliliy klubi rahbari, xalqaro siyosatshunos Nikita Mendkovich esa Qamchibek Tashiyev Qirg‘izistonning navbatdagi prezidenti bo‘lishi mumkinligini prognoz qildi.
LiveBarchasi