Qirg‘izistonda favqulodda holat e’lon qilindi. Chegaradan 136 ming kishi ko‘chirildi
Olam
−
17 Sentabr 2022
10390Bugun, 17 sentyabr kuni Qirg‘izistonning Botken viloyatida favqulodda holat rejimi e’lon qilindi. Bu haqda viloyat fuqaro muhofazasi bo‘limi boshlig‘i, Prezident vakili Abdikarim Alimboyev topshiriq berdi.
Bu fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, o‘limning oldini olish va kuchlarni safarbar qilish uchun zarurligi ta’kidlangan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Qirg‘iziston hukumati Tojikiston bilan chegaradagi qurolli to‘qnashuvlar zonasidan 136 mingga yaqin respublika fuqarosini xavfsiz joylarga evakuatsiya qilgan.
Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat bo‘ylab xavfsiz hududlarda ko‘chirilganlar uchun joylashtirish markazlari ochilmoqda. Oziq-ovqat, kiyim-kechak va ko‘rpa-to‘shak kabi zaruriy narsalar bu joylarga yetkazilyapti.
Qirg‘iziston tomonining ishontirishicha, kecha, 16 sentyabr kuni ertalab Tojikiston Qirg‘iziston chegara otryadlarini Eki-Tosh, Chir-Dobo, Qum-Mozor, Kulundu, Maqsat, Jani-Jer va Orto-Bo‘z hududlarida, shuningdek, “Samarqandek” chegana qo‘riqlash punktini o‘qqa tuta boshlagan. Yalpi reaktiv hujum tizimidan Botken viloyati markazi va uning aeroportiga zarba berilgan. Bishkek 59 nafar tinch aholi va harbiy xizmatchi yaralanganini da’vo qilmoqda. Kunning ikkinchi yarmida tomonlar o‘t ochishni to‘xtatish, kuch va texnikani olib chiqish bo‘yicha kelishib olgan, biroq ayrim hududlarda otishmalar davom etmoqda.
Tojikiston tomoni esa otishmalar bo‘yicha rasmiy ma’lumotlarni kamdan kam e’lon qilyapti. Rasmiy Dushanbega ko‘ra, Qirg‘iziston chegaradagi tojik aholi punktlariga drondan hujum uyushtirmoqda.
Ma’lumot uchun, ikki davlat chegarasida vaziyat 14 sentyabr kuni keskinlashdi. Qirg‘iziston tomonining ma’lum qilishicha, tojik chegarachilari shu kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken tumanining Buloq-Bashi hududidagi chegara hududiga kirib, “jangovar pozitsiyalarini egallagan”. Qirg‘iziston harbiylarining hududni tark etish talabiga javoban Tojikiston chegarachilari o‘t ochgan, shundan so‘ng otishma boshlangan. Oradan bir necha soat o‘tib, Botken viloyatining Kak-Say va Paski-Ariq tumanlarida ham qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Kechqurun otishmalar to‘xtagan, qirg‘iz tomoni ikki nafar harbiy xizmatchi va uch nafar tinch aholi vakillari yaralangani haqida xabar bergan.
Tojikiston tomoni ham o‘z navbatida chegaradagi keskinlikda Qirg‘izistonni ayblab, qirg‘iz harbiylari avval erishilgan sulhni buzganini aytmoqda.
16 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan ikki davlat rahbarlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon uchrashuv o‘tkazib, chegara masalasida kelishib olgandi.
LiveBarchasi