Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegarada qariyb 328 km to‘siq o‘rnatdi
Olam
−
16:41 1151 2 daqiqa
Qirg‘iziston Botken viloyatidagi davlat chegarasining qirg‘iz-tojik uchastkasida chegara to‘siqlarini o‘rnatish bo‘yicha asosiy ishlarni yakunladi. Bu haqda kecha, 16 oktyabr kuni Qirg‘iziston Davlat chegara xizmatiga tayanib, AKIpress agentligi xabar berdi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-2026 yillarda Botken va Laylak tumanlarida 327,7 km chegara to‘siqlari o‘rnatilgan va 338,5 km dala yo‘llari barpo etilgan. 2025 yilda 149,6 km to‘siq o‘rnatilgan bo‘lsa, 2026 yilning 2 martidan 16 sentyabrigacha yana 178,1 km to‘siq o‘rnatilgan.

Bir vaqtning o‘zida chegara hududlariga kirish hamda harbiy xizmatchilar va texnikaning harakatlanishi uchun yo‘llar qurilgan. 2025 yilda 171,2 km, 2026 yilda esa yana 167,4 km yo‘l barpo etilgan.
Chegara xizmatining qayd etishicha, qurilish nafaqat tekisliklarda, balki tog‘li, baland tog‘li va borish qiyin bo‘lgan hududlarda ham olib borilgan. Ishlar tik yonbag‘irliklar, murakkab relef hamda materiallar va texnikani yetkazib berishdagi qiyinchiliklar sababli murakkablashgan.

Chegarachilardan tashqari, qurilishda Qirg‘iziston Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat bojxona xizmati bo‘linmalari ham ishtirok etgan.
Davlat chegara xizmati raisi Doniyor Satimov Botken viloyatidagi qirg‘iz-tojik chegara uchastkasini muhandislik jihatidan jihozlash vazifasi to‘liq hajmda bajarilganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, to‘siqlar va yangi yo‘llar davlat chegarasi qo‘riqlanishini kuchaytirish hamda chegaradosh hududlar xavfsizligini oshirish imkonini beradi.

Shuningdek, Chegara xizmati tomonidan ish ishtirokchilari Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov nomidan mukofotlangani xabar qilingan.
Idoraning qo‘shimcha qilishicha, qirg‘iz-tojik chegarasini muhandislik jihatidan jihozlash ishlari endi faqat O‘sh viloyatida yakunlanishi qolgan.
Live
Barchasi