Tojikiston va Qirg‘iziston umumiy davlat chegarasi bo‘yicha kelishib oldi
Olam
−
30 mart
4947Tojikiston va Qirg‘iziston hukumat delegatsiyalarining topografik ishchi guruhlari 28,37 kilometrlik bahsli hududlar bo‘yicha kelishib oldi. Bu haqda “Xovar” axborot agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, delegatsiyalar uchrashuvi 2024 yilning 24–29 mart kunlari Qirg‘izistonning Botken viloyatida bo‘lib o‘tgan va yakunlarga ko‘ra tegishli bayonnoma imzolangan. Tomonlar Qirg‘iziston hududida bo‘lib o‘tadigan navbatdagi uchrashuvda qolgan hududlarni tavsiflash bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olgan.
Bir kun avval Tojikiston va Qirg‘iziston hukumati delegatsiyalari rahbarlari – Tojikiston va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raislari Saymo‘min Yatimov va Qamchibek Tashiyevning chegarani delimitatsiya va demarkatsiya qilish bo‘yicha uchrashuvi bo‘lib o‘tgan edi. Tomonlar qolgan uchastkalarda ikki davlat chegara chizig‘i yo‘nalishini yanada aniqlashda muhim natijalarga erishganliklari aytilgan. Shuningdek, ikki mamlakat hukumat delegatsiyalari ishchi guruhlariga bu boradagi ishlarni davom ettirish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq, mintaqada ikki davlat Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbarlarining uchrashuvi bo‘lib o‘tgan hamda delimitatsiya va demarkatsiya bo‘yicha bir qarorga kelingandi. 2023 yilning noyabr oyida tomonlar 18 km, dekabr oyida esa 12 km chegara bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Joriy yilning 16 yanvarida esa davlatlar yana 38 km chegara bo‘yicha kelishib oldi. Fevral oyi boshida qirg‘iz-tojik chegarasi bo‘linishining 90 foizi yakunlangani ma’lum qilindi. 15 fevral kuni mamlakatlar chegarasining yana bir kilometriga kelishib oldi.
LiveBarchasi