Eron hali “to‘g‘ri kelishuv”ga tayyor emas – Tramp
Olam
−
08:26 520 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron hali Vashington bilan “to‘g‘ri kelishuv”ga erishishga tayyor emas, deb hisoblashini aytdi. Bu haqda Tramp kecha, 21 avgust kuni jurnalistlar bilan suhbatda so‘z ochdi.
Ma’lum qilinishicha, AQSH rahbaridan Vashingtonning Eronga qarshi harbiy imkoniyatlari cheklangan yoki cheklanmagani so‘ralganda, u barchasini kuzatayotganini va Eron tarafi noto‘g‘ri harakat qilayotganini bildirgan.
“Ular kelishuv tuzishni juda xohlaydi, ammo mening fikrimcha, hali to‘g‘ri kelishuvga tayyor emas”, degan Tramp.
Uning ta’kidlashicha, AQSH Hormuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq hududning katta qismi ustidan to‘liq nazoratga ega.
Ma’lumot uchun, AQSH va Isroil Eronga qarshi hujumlarni joriy yilning 28 fevralida boshlashidan oldin Hormuz bo‘g‘ozi orqali jahondagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz ta’minotining qariyb beshdan bir qismi tashilgan. Urush olti oylik muddatga yaqinlashar ekan, Eronning raketa va dronlar salohiyati saqlanib qolayotgani sababli bo‘g‘ozda energetika tashuvlari bilan bog‘liq uzilishlar davom etmoqda.
Eron urushning dastlabki hujumlariga Isroil va AQSH harbiy bazalari joylashgan Fors ko‘rfazi davlatlariga zarbalar bilan javob bergan. AQSH va Isroilning Eronga qarshi hujumlari hamda Isroilning Livandagi zarbalari oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan, millionlab kishi esa o‘z uylarini tark etgan.
Eslatib o‘tamiz, Vashington 20 avgust kuni Eron rahbariyatini ag‘darish maqsadida tarixdagi eng qat’iy moliyaviy sanksiyalarni joriy etishini ma’lum qilgandi. AQSH Moliya vaziri Skott Bessent rejalashtirilayotgan sanksiyalar tafsilotlarini 24 avgust kuni e’lon qilishini aytgan.
Tramp esa avvalroq Eronga har qanday “hayotiy yordam” ko‘rsatadigan davlatlar ham jiddiy iqtisodiy oqibatlarga duch kelishidan ogohlantirgan edi.
Live
BarchasiIlhom Aliyev O‘zbekistonga keladi
21 avgust