AQSH Eronga qarshi “tarixdagi eng qattiq sanksiyalar”ni qo‘llamoqchi
Olam
−
08:23 1264 2 daqiqa
AQSH Eronga qarshi “tarixdagi eng qattiq sanksiyalar”ni joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakat Moliya vaziri Skott Bessent ma’lum qildi.
Bessentning aytishicha, yangi iqtisodiy bosim Eronga qarshi keng ko‘lamli harbiy amaliyotlarni qayta boshlash ehtimolini kamaytirishi mumkin. U yangi sanksiyalar paketi tafsilotlari kelasi hafta, 24 avgust kuni o‘tkaziladigan matbuot anjumanida e’lon qilinishini bildirgan.
Bu bayonot AQSH Prezidenti Donald Trampning bir kun avval Eronga har qanday ko‘mak ko‘rsatadigan davlatlarga nisbatan “iqtisodiy urush” va jiddiy iqtisodiy oqibatlar bilan tahdid qilganidan keyin yangradi. Tramp moliyaviy muassasalar, kompaniyalar, aeroportlar yoki davlat idoralari orqali Eronga yordam beradigan har qanday mamlakat ham qattiq choralarga duch kelishini aytgandi.
Bessent CNBC telekanaliga bergan intervyusida AQSHning strategiyasi Eronga qarshi blokada va yangi sanksiyalarni bir vaqtning o‘zida qo‘llashdan iborat ekanini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington maksimal iqtisodiy bosim orqali Tehronga ta’sir o‘tkazishni maqsad qilgan.
Shu orada AQSH tahdidlari ortidan jahon bozorida neft narxi uch haftadan ortiq vaqtdagi eng yuqori darajaga ko‘tarildi. Bunga Fors ko‘rfazida davom etayotgan mojaro va Hormuz bo‘g‘ozi orqali neft tashish bilan bog‘liq xavotirlar sabab bo‘lgan.
Eron Tashqi ishlar vazirligi AQSHning yangi iqtisodiy va savdo cheklovlarini “iqtisodiy terrorizm” deb baholagan. Tehron bunday bosim mamlakatning mustaqilligi, qadr-qimmati va milliy suverenitetini himoya qilish qat’iyatiga ta’sir qilmasligini ma’lum qilgan.
2025 yilgi Kpler ma’lumotlariga ko‘ra, Eron eksport qilayotgan neftning 80 foizdan ortig‘ini Xitoy xarid qiladi. Shu sababli AQSHning Eron bilan iqtisodiy aloqalarni saqlab turgan Pekinga nisbatan qo‘shimcha bosim o‘tkazishi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni yanada keskinlashtirishi mumkin.
Xitoyning Vashingtondagi elchixonasi esa sanksiyalar va bosim muammoni hal qilishga yordam bermasligini bildirib, barcha tomonlarni masalani siyosiy va diplomatik yo‘l bilan hal qilishga chaqirgan.
Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi esa Trampning bayonotlarini AQSHdagi ichki iqtisodiy muammolardan jamoatchilik e’tiborini chalg‘itishga urinish deb baholagan. Uning fikricha, Voshington avval ham samara bermagan siyosatni davom ettirsa, bu yana yangi muvaffaqiyatsizliklarga olib keladi.
Live
Barchasi