Rossiya va Ukraina energetika bo‘yicha sulhga erishdi – Tramp
Olam
−
08:46 954 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya va Ukraina energetika ob’ektlariga hujumlarni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qildi. Biroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy kelishuv tafsilotlarini kutayotganini aytdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Trampning Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozishicha, sulh darhol kuchga kirishi kerak.
“Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda energetika sohasida o‘t ochishni to‘xtatish darhol kuchga kiradi. Har ikki tomon bunga rozi bo‘ldi. Uni buzmang!” deb yozgan AQSH Prezidenti.
Biroq Moskva va Kiyev hozircha bunday kelishuvga erishilganini rasman tasdiqlamagan.
Zelenskiy esa Ukraina sulhni qo‘llab-quvvatlashini, ammo Rossiya ham bunga rozi bo‘lishi kerakligini bildirgan. Uning aytishicha, Kiyev Amerika tomonidan kelishuv tafsilotlari taqdim etilishini kutmoqda.
Shu bilan birga, Ukraina rahbari Rossiya kuchlari energetika infratuzilmasiga hujumlarni davom ettirayotganini aytgan. Xususan, Tramp sulh e’lon qilganidan keyin Ukrainaning ikkinchi yirik shahri Xarkovdagi issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi qo‘shma korxonaga zarba berilgan.
Reuters’ning vaziyatdan xabardor manbaga tayanib xabar berishicha, AQSH Ukraina hujumlarini to‘xtatishga ko‘ndirish uchun Kiyevga razvedka ma’lumotlarini uzatish va qurol yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qilgan. Manbaning aytishicha, Zelenskiy Tramp bilan yuzaga kelgan ziddiyatni yumshatish masalasini Yevropa yetakchilari bilan muhokama qilmoqda.
Avvalroq, Tramp Zelenskiyni Rossiya neftini qayta ishlash zavodlariga hujumlarni to‘xtatishga chaqirib, Ukrainada yangi saylovlar o‘tkazilishi kerakligini ham aytgan edi. AQSH Prezidenti Ukraina rahbari Moskva bilan kelishuvga erishish uchun bir necha imkoniyatni boy berganini ta’kidlagandi. Bunga javoban Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 60 kunlik sulhga rozi bo‘lsa, Ukrainada saylov o‘tkazishga tayyorligini bildirgan. Ukraina qonunchiligiga ko‘ra, harbiy holat davrida saylov o‘tkazish taqiqlangan.
“Putinga ayting, bizga ikki oy, 60 kunlik to‘liq sulh bering, shunda biz saylovlarni tashkil qilamiz”, degan Zelenskiy.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya hukumati dizel yonilg‘isi eksportiga qo‘yilgan taqiq qisman bekor qilinganini ma’lum qilgan edi. Trampning Putin bilan kelishuvi ham aynan dizel yonilg‘isi yetkazib berish va unga qo‘yilgan cheklovlarni yumshatish bilan bog‘liq. Shuningdek, Zelenskiy ushbu kelishuvni keskin qoralab, “ochiq zaiflik belgisi” deb atagan edi.
Live
Barchasi