Qirg‘izistonda davlat tilida efir yuritmagan telekanallar jarimaga tortildi

Olam

image

Qirg‘iziston Madaniyat vazirligi olti oy davomida 7 ta telekanalda rejali tekshiruv o‘tkazdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi

Tekshiruv davomida “312 KINO” va “312 TV” telekanallari Qirg‘iziston Respublikasining “Televideniye va radioeshittirishlar to‘g‘risida”gi qonunining 8-moddasi 2-bandi 2-kichik bo‘limida belgilangan me’yoriy talablarga rioya qilmayotgani aniqlangan.

Shu munosabat bilan vazirlik tomonidan “312 KINO” va “312 TV” telekanallariga nisbatan chora ko‘rilgan. Bu telekompaniyalarning har biri 23 ming somdan jarimaga tortilgan.

Qayd etilishicha, Qirg‘izistonda amaldagi qonunga ko‘ra, teleko‘rsatuvlarning kamida 50 foizi, jumladan, soat 07:00 dan 10:00 gacha va 18:00 dan 23:00 gacha efirga uzatiladigan dasturlar qirg‘iz tilida bo‘lishi shart.

Bundan tashqari, “312 Muzika”, “NTS”, “Kyu-Sport Arena”, “Bakaynur-Mega” (Next TV), “Tumar TV” telekanallarida rejali tekshiruvlar o‘tkazilgan va qonun buzilish holatlari qayd etilmagan.

Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov joriy yilning 17 iyul kuni barcha davlat xizmatchilariga qirg‘iz tilini bilish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasini imzolagandi. Ushbu qonunning qabul qilinishi Rossiyaning “xavotiriga” sabab bo‘ldi va mamlakat Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qirg‘izistonda qabul qilingan davlat xizmatchilariga qirg‘iz tilini bilishi majburiyligi haqidagi qonunga nisbatan “demokratiyaga zid”, deya baho berdi. 

Vazir Markaziy Osiyo davlatlarida davlat tili to‘g‘risidagi qonunlarning qabul qilinishi tendensiyasidan xavotir bildirib, bu borada Qirg‘iziston hukumati bir necha marotaba ogohlantirilganini aytdi. Sadir Japarov Lavrovning so‘zlariga izoh berib, Rossiya Tashqi ishlar vaziri qonunni o‘qimasdan turib gapirgan bo‘lishi mumkinligini aytdi. 

Ma’lumot uchun, Qirg‘iziston aholisining asosiy qismi – 74,04 foizi qirg‘izlardan iborat. Mamlakatdagi ikkinchi eng katta etnik birlik o‘zbeklar (14,81 foiz) bo‘lib, rus millatiga mansub aholi mamlakat umumiy aholisining 4,97 foizini tashkil qiladi. Shunga qaramay, Qirg‘iziston konstitutsiyasining 10-moddasida qirg‘iz tili davlat tili ekani, shuningdek, rus tili ham rasmiy maqomga egaligi belgilab qo‘yilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston davlat tili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing