Qirg‘iziston va Tojikiston kelishib olgani ma’lum qilindi

Olam

image
0:00
0:00
download
Urug‘i SSSRda sepilgan muammo: tojiklar va qirg‘izlar nimani bo‘lisholmaydi? north_east

Urug‘i SSSRda sepilgan muammo: tojiklar va qirg‘izlar nimani bo‘lisholmaydi?

Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari 12 aprel kuni ikki davlat harbiy xizmatchilari o‘rtasida qurol qo‘llash bilan bog‘liq mojaro yuzaga kelgan chegaraning umumiy qismida keskinlikni yumshatish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Chegara xizmati ma’lum qildi. 

"Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi delegatsiyalarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Qirg‘iziston delegatsiyasiga Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari – Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi direktori Ularbek Sharsheyev, Tojikiston delegatsiyasiga Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari – Chegara qo‘shinlari qo‘mondoni Rajabali Rahmonali rahbarlik qildi”, deyiladi xabarda. 

Qayd etilishicha, uchrashuv chog‘ida chegaradagi mojarolar vaqtida chegaraga jalb qilingan qo‘shimcha kuch va vositalarni doimiy joylashtirish punktlariga olib chiqishni davom ettirish va ishchi guruh tuzish, ikki davlat chegara qo‘shinlarining harakat yo‘nalishlarini aniqlashtirish bo‘yicha ishlarni olib borish yuzasidan kelishuvlarga erishilgan.

Bundan tashqari, chegaradosh hududlarning mahalliy aholisiga yerdan birgalikda foydalanish va suvdan foydalanish tartibi bo‘yicha avval erishilgan kelishuvlarga rioya etilishi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borishga qaror qilingan. Qirg‘iziston va Tojikistonning ushbu hududdagi chegara vakillariga “chegara bo‘limlari harbiy xizmatchilari tomonidan chegaraning qirg‘iz-tojik uchastkasida chegara qo‘shinlarining harakatlanish chizig‘i talablari aniq bajarilishini” ta’minlash topshirilgan. 

“Davlat chegarasining Qirg‘iziston-Tojikiston uchastkasidagi vaziyat nisbatan barqaror”, deyiladi xabarda. 

Bishkek ma’lumotlariga ko‘ra, ikki davlat chegarachilari o‘rtasidagi to‘qnashuv 12 aprel kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati, Leylek tumani Selkana qishlog‘i hududida tojik harbiylari Qirg‘iziston hududiga 20 metr chuqurlikda kirib kelganidan so‘ng boshlangan. Kun davomida tomonlar ikki marta o‘t ochgan. Bundan tashqari, Qirg‘iziston Tojikiston tomonidan Qirg‘izistonning Botken viloyatidagi Dostuk qishlog‘iga minomyotdan hujum uyushtirilgani haqida xabar berdi. 13 aprelga o‘tar kechasi tomonlar qarama-qarshilik zonasidan qo‘shimcha kuch va texnikani olib chiqishga kelishib oldi. Qirg‘iziston tomonida esa voqea vaqtida olti kishi jarohatlangan.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 14 aprel kuni Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov xalqqa murojaat qilib, o‘z prezidentlik muddatining oxiriga qadar chegara bilan bog‘liq barma muammolarni hal etishga va’da berdi.

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi navbatdagi keskinlashuv yanvar oyining oxiridan beri davom etmoqda: o‘shanda chegarachilar o‘rtasidagi otishmada tojikistonlik ikki harbiy halok bo‘lgan, olti nafar harbiy yaralangan, Qirg‘izistonda esa sakkiz nafar harbiy yaralangan.

Shundan so‘ng Tojikiston va Qirg‘iziston delegatsiyalari chegarada o‘t ochishni to‘liq to‘xtatish hamda avvalroq mojaro joyiga jalb qilingan qo‘shimcha kuch va vositalarni olib chiqishga kelishib oldi. Shunga qaramay, chegarada vaqti-vaqti bilan otishmalar davom etmoqda.

So‘nggi yillarda Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida qurol ishlatish bilan bog‘liq kelishmovchiliklar bir necha bor sodir bo‘lgan. Oxirgi marta yirik to‘qnashuvlar o‘tgan yilning aprel oyi oxirida yuz bergandi. Mojaroga sabab bahsli hudud – “Golovnoy” suv taqsimlash punkti yoniga kameralar o‘rnatilgani bo‘lgan. Natijada har ikki davlat harbiylari aralashgan.

Qirg‘izistonning 180 dan ortiq fuqarosi to‘qnashuvlar davomida jabr ko‘rgan, deb xabar qildi respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi. 34 kishi vafot etgan. Tojikiston mojaro qurbonlari haqida rasmiy ma’lumot bermadi.

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegara uzunligi 970 km. Chegaraning 460 kilometri bo‘yicha kelishuvlar mavjud emas, shuning uchun har ikkala davlat ham u yoki bu uchastkaga o‘z da’volarini e’lon qilganda, vaqti-vaqti bilan nizolar kelib chiqadi.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston-Tojikiston

Baholaganlar

17

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing