Urug‘i SSSRda sepilgan muammo: tojiklar va qirg‘izlar nimani bo‘lisholmaydi?

Tahlil

image

10-11 mart kunlari Markaziy Osiyo mintaqasining bir necha o‘n yildan beri bitmayotgan yarasi – qirg‘iz-tojik chegara muammosi yana bo‘y ko‘rsatdi. Ikki davlat chegarachilari o‘rtasida otishma yuz berdi. So‘nggi yillarda mintaqa davlatlari suv va hudud bilan bog‘liq ko‘plab o‘zaro kelishmovchiliklarni bartaraf etdi. Ammo Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasi hamon bahslar o‘chog‘i bo‘lib qolmoqda.

Bugun qaytadan avj olayotgan muammo aslida qachon boshlangan, axir bu zaminda bundan 100 yil oldin na Qirg‘iziston bo‘lgan, na Tojikiston. Ikki davlat nimani bo‘lisholmaydi? Bugun shu savollarga javob qidiramiz.

Kelishmovchiliklar ildizi

Qirg‘iziston va Tojikiston nizolarining asosi Vorux anklaviga borib taqaladi.

Vorux – Tojikistonning So‘g‘d viloyati Isfara tumanidagi jamoati. Hudud tarixan tojiklarga tegishli ekani Tojikistonning hozirgi chegaralarda shakllanishidan oldin yozib qo‘yilgan.

O‘tmishga nazar solsak, Tojikiston SSR 1929 yilda Sovet O‘zbekistoni tarkibidan ajratilib, alohida davlat sifatida SSSRga kirganini ko‘rish mumkin. Bungacha Isfara (Tojikiston) va Botken (o‘sha paytdagi Qora Qirg‘iziston Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi) o‘rtasidagi chegara 1924 yildagi xaritalarda Kommunistik partiya Markaziy Qo‘mitasining tegishli qaroriga ko‘ra o‘tkazilgan.

U vaqtda hech qanday anklav bo‘lmagan. Vorux to‘g‘ridan-to‘g‘ri Tojikiston bilan bog‘langan. Uning ajralmas maqomi Qirg‘iziston ASSRning 1927 yil iyundagi farmoni bilan ham tasdiqlangan, hujjatda Vorux 3,5 ming aholiga ega Isfara tumanining bevosita bir qismi sifatida ko‘rsatilgan.

Tojikiston va Qirg‘iziston hududlari o‘rtasidagi chegara Xalq Komissarlari Kengashining 1947 yildagi O‘zbekiston va Qirg‘iziston SSR chegaralarini aniqlashtirish to‘g‘risidagi qarori bilan tasdiqlangan, bu hujjatda hozir bahsli bo‘lgan Vorux Sovet Tojikistonining ajralmas qismi ekani ko‘rsatilgan.

Hududlarga egalik qilish borasidagi kelishmovchiliklar 1950-yillarning o‘rtalarida To‘rtko‘l kanali va suv ombori qurilishida boshlandi. Gap shundaki, kanal Isfara (Tojikiston) tumani hududidan ham o‘tgan. Boshqarish qulay bo‘lishi uchun Tojikistonning bir necha ming gektar maydonini Qirg‘izistonga o‘tkazishga kelishildi va buning evaziga rasmiy Bishkek yuqorida nomi keltirilgan tuman yerlarini sug‘orish uchun suv bilan ta’minlashi kerak edi.

O‘shanda Tojikiston SSR Oliy Kengashi Prezidiumi bu qarorni ma’qullamadi, lekin ular muhim infratuzilma loyihasidan voz kechmadilar. Aslida o‘sha vaqtda umumiy Sovet Ittifoqi tarkibida bo‘lgan ikki respublika uchun yerning kimga tegishli bo‘lishi unchalik ahamiyatli emasdi. Shunday qilib, Vorux va Tojikiston SSRni geografik jihatdan bog‘laydigan Isfara yerlari de-yure Dushanbening, amalda esa Bishkekning nazoratida bo‘lib qoldi. Muammo urug‘i sepildi.

Qirg‘izlar “hadya” qilingan yerlarga dastlab cho‘ponlik qilish uchun yollangan, ularga uy qurish uchun yer berilgan, vaqt o‘tib, bu guruh ko‘paya boshlagan. O‘sha vaqtda Moskvaga qaram bo‘lgan respublika rahbarlari oradan yillar o‘tib, bu jiddiy hududiy muammoga aylanishini qayerdan ham bilsin?! Oradan 40 yil o‘tar-o‘tmas qudratli SSSRning parchalanib ketishi esa hech kimning tushiga ham kirmagani aniq.

Qizil bayroq ostidagi nizolar

Shunga qaramay, tarix mojaro boshlanishini Sovet zamonidagi qayta qurish va milliy respublikalar davridagi birinchi to‘qnashuvlardan ancha oldin bashorat qilish mumkin ekanligini ko‘rsatadi. 

Xullas, 1974 yilning Yangi yil kechasida Voruxda otishma bo‘lib o‘tdi, unda keksa avlod hali ham Qirg‘iziston tomonini ayblaydi. Hodisada hech kim o‘lmagan, ammo jarohat olganlar bo‘lgan. Voqea jiddiy tus olib, SSSR Bosh prokuraturasi ham aralashgan.

Uzoq sud jarayonidan so‘ng Tojikiston SSR rahbariyatiga bir necha yuz gektar maydonni Botken viloyati foydasiga o‘tkazish taklif qilingan, reja amalga oshgach, bu yerda Oqsoy qishlog‘i paydo bo‘lgan va Vorux anklavga aylangan qolgan. O‘shanda rasmiy Dushanbe bu qarorni qo‘llab-quvvatlagan, biroq bugun Tojikiston tomoni keyingi to‘qnashuvlarga asos bo‘lgan “yechim”ni eslashni xushlamaydi.

1989 yilda Ittifoqning tizimli muammolari yaqqol ko‘zga tashlanib, respublikalarda mustaqillikka chorlovchi ovozlar tobora balandroq yangragan paytdan boshlab haqiqiy mojaro avj oldi. Hali mustaqil bo‘lmagan milliy davlatlar yer egallash ishtiyoqida yona boshladi.

Ilk munozaralar Isfarinka daryosining suvidan foydalanish ustida boshlandi va tez orada “kabinet”lardagi gap-so‘zlar ko‘chaga, qurolli odamlarga yetib bordi. Botken viloyati Samarqandek qishlog‘ining bir necha yuz nafar aholisi asosan tojiklar istiqomat qiladigan Xo‘jayi A’lo qishlog‘ini o‘qqa tutdi.

Ammo bu safar to‘qnashuv qurbonsiz bo‘lmadi – tojiklar qishlog‘idagi yosh yigit vafot etdi. Ilk qurbon berilgach, qurollangan Vorux aholisi Xo‘jai A’loga yordam berishga shoshildi va oqsoyliklar bilan to‘qnashuvni boshladi. Farg‘onadan shoshilinch tarzda yuborilgan Perm maxsus bo‘linmalarining aralashuvi bilangina katta qon to‘kilishining oldi olindi.

Shundan so‘ng, manfaatdor tomonlar komissiyasi yig‘ildi va u Vorux qishlog‘i atrofidagi 68 gektar tog‘li va mojaroli Xo‘jayi A’lo qishlog‘i atrofidagi 18 gektar yerni Tojikistonga berish va shu bilan chegara masalasini yopish taklifi bilan chiqdi. Biroq, bu anklavning haqiqiy shakllanishi muammosini hal qilmadi va shuning uchun Dushanbe bunday taklifga rozi bo‘lmadi.

Ehtimol, tomonlar Moskva nazoratida qolganda vaqt o‘tib, murosaga kelgan bo‘lardi, ammo buni endi bilish imkonsiz. Negaki, ko‘p o‘tmay SSSR chok-chokidan so‘kilib, parchalanib ketdi. Bahsli hududlar millionlab gektarlarga yetdi – Dushanbe, Bishkek va vositachi Moskva Vorux muammosini vaqtincha unutdi.

Mustaqillikning ilk yillarida unutilgan kelishmovchilik

Mustaqillikka erishilganidan keyingi 15 yil davomida endilikda milliy respublikalar hududiy chegaralar masalasiga unchalik e’tibor qaratmadi, aslida qarata olmasdi. Boisi, Qirg‘iziston O‘shdagi o‘zbeklar bilan bog‘liq nisbatan qonli va dahshatli mojaro bilan band edi. 1992-1997 yillardagi fuqarolik urushidan tinkasi qurigan Tojikiston esa bor kuchini milliy iqtisodiyotni tiklashga sarfladi.

Bu orada Qirg‘izistonda “Lola inqilobi” yuz berdi va natijada qo‘shnilar bilan munosabatlarda ehtiyotkor bo‘lgan Prezident Asqar Akayev mamlakatni tark etdi. Yangi Bishkek hukumati hudud masalasini hal qilish orqali siyosiy ochko olishga qaror qilib, eski yaralarni kavlay boshladi. Bu vaqtga kelib Tojikiston ham biroz barqarorlikka erishgan va chegara diplomatiyasi bilan shug‘ullanishga tayyor edi. Shu tariqa mojarolardagi tinch davrning oxiri ko‘rindi.


Qirg‘izistondagi "Lola inqilobi"

Dushanbe va Bishkek o‘rtasida yechilishi kerak bo‘lgan talaygani masalalar yig‘ilib qolgandi: mahalliy aholi anklav infratuzilmasidan faol foydalangan, Botken viloyati ma’muriyati esa Samarqandek qishlog‘i bilan transport yo‘lagi ajratishni so‘rar edi.

Yakunda 2007 yil Tojikiston o‘z hududida yo‘l qurishga rozilik bildirdi va bir necha yuz metr yerni 49 yil muddatga ijaraga berdi. Ammo bugun Tojikiston aholisining katta qismi bu qaror to‘g‘ri bo‘lmaganini aytadi. Bunga sabab yo‘q emas, albatta. Bishkek Dushanbening do‘stona qarorini noto‘g‘ri tushundi, aniqrog‘i tojiklar qo‘rqqanidan yon berdi, deb hisobladi va uning hududiga da’vo qila boshladi. Bu o‘rinda Bishkek insofli ish qildi, deyish qiyin.


Tojikistondagi fuqarolik urushi boshlanishi

Keyingi 10 yil ichida Markaziy Osiyoning azaliy muammosi atrofida jiddiy to‘qnashuvlar bo‘lmadi, tomonlar o‘zini bosiq tutdi. Bunga Qirg‘izistonda bo‘lgan yana bir inqilob, 2010 yilning aprel va iyun oyidagi voqealar, Prezident Bakiyevning qochib ketishi va Roza Otunbayeva boshchiligidagi muvaqqat Hukumatning muvaffaqiyatsiligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lsa, ne ajab. Bu vaqt ichida bahsli chegaraning ikki tomoni kontrabanda markaziga aylandi. Ehtimol, mahsulotni sotish va sotib olish mahalliy aholining birlashuvida siyosatchilarning ikki xalq do‘stligi haqidagi balandparvoz chiqishlaridan ko‘ra ko‘proq xizmat qildi.

Chegara hududida yashovchi qirg‘iz fermerlari sigir va qo‘ylarini ichki bozorga emas, qo‘shnilariga sotishga ko‘proq moyil bo‘lgan – ularni tashish qulay va har doim talab bo‘lgan. Chorvachilikning yashirin bozori bugungi kungacha saqlanib qolgan, hatto, Bishkekning radikal choralari ham bunga to‘sqinlik qila olmayapti.

Vorux atrofidagi faol mojarolar

Aholi o‘rtasida kontrabanda qanchalik gullab yashnamasin, asl hududiy muammo hech qayerga yo‘qolmadi va uning yuzaga chiqishi faqatgina vaqt masalasi edi. Va bu onlar o‘zini ko‘p kuttirmadi. 2018 yil aprelda chegara yaqinidagi Uch-Dobo (Qirg‘iziston) va Xo‘jayi A’lo (Tojikiston) qishloqlarining 50 dan ortiq vakili janjallashdi.

To‘qnashuv, aslini olganda arzimagan narsadan, ya’ni qirg‘iz qishlog‘i vakili chegara hududining kelishilmagan va qurilish qilish taqiqlangan qismida panjara o‘rnatishidan boshlandi.

Qirg‘iziston Respublikasi chegara xizmati xabariga ko‘ra, ikki tomondan 50 ga yaqin odam ishtirok etgan dahanaki jang o‘zaro toshbo‘ronga aylangan.

Oradan ikki oy o‘tib, Qirg‘iziston va Tojikiston chegarachilari o‘rtasida futbol maydonida mojaro chiqdi, tojik harbiylari qurol ishlatib, yuqoriga qarata ogohlantiruvchi o‘q uzdi. Bunga “hech kimniki bo‘lmagan” yerlarda bozor tashkil etilgani sabab bo‘lgani taxmin qilinadi. O‘shandan beri Vorux tarixi ikki davlat o‘rtasidagi jiddiy yer mojarosining bir qismiga, muhim bir bo‘g‘iniga aylandi.

Конфликт na кыргызско-таджикскoy граniце. Что произошло?

Mayda mojarolar keyinroq ham sodir bo‘ldi – bir yilda 10 ga yaqin – lekin ular chegaraning har ikki tomonidagi xavfsizlik kuchlari sa’y-harakatlari bilan bartaraf etildi.

Ammo 2019 yilda jiddiy to‘qnashuvlar boshlandi. Mart oyi o‘rtalarida Tojikiston fuqarolari Oqsoy-Tamdiq aylanma yo‘lini yotqizayotgan qirg‘iz ishchilarining yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Yo‘l quruvchilarga yaqin atrofdagi qirg‘iz qishloqlari aholisi yordamga keldi. Natijada ikki yuz chog‘li odam bir-birini toshbo‘ron qildi. Mojaro natijasida 12 kishi jarohatlandi.

Keyin esa otishmalar boshlanib, ilk qurbonlar berildi. Dastlab qirg‘iz militsioneri jarohatlandi, so‘ng voruxlik yaralandi.

“Qurollangan qirg‘izlar Tojikiston fuqarolariga o‘q uzdi. Ayni vaqtda bir kishi jarohatlangani aniq. Yana bir fuqaro Rafoiddin Teshayev halok bo‘ldi. Taxminlarga ko‘ra, o‘q snayper miltig‘idan otilgan”, deb xabar bergandi o‘shanda “Vorux” jamoasi vakillari.

Yaxshiyamki, Dushanbe va Bishkek mojaro O‘sh ssenariysi bo‘yicha davom etib, o‘t qo‘yish, etnik qirg‘in va doimiy qo‘shinlarning jalb etilishi bilan yanada qonli tus olishi mumkinligini angladi. Va shuning uchun tomonlar ortiqcha shartlarsiz kvo-maqomini saqlagan holda vaziyatni barqarorlashtirish haqida bayonnoma imzoladi.

Ammo diplomatik kelishuv muammoning asosiy sabablarini hal etmadi faqatgina uni vaqtincha muzlatib qo‘ydi. Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Qirg‘izistonning o‘sha vaqtdagi Prezidentii Sooronbay Jeenbekovning umidbaxsh uchrashuvi ham nizoni tag tomiri bilan yo‘q qilishda hech qanday foyda bermadi.

Chegaradagi tinchlik 8 oy davom etib, 2019 yil kuzida Qirg‘iziston chegarachilari Tojikiston tomonga o‘q uzdi. Yakunda bu chegarachilarning kichik urushi bilan yakunlandi. Bu to‘qnashuvda tomonlar bir birini chegarada harbiy ob’ekt qurishda aybladi. Keyinroq ham turli sabablar yangradi.

To‘qnashuvlarda Tojikistondan podpolkovnik va ikki askar halok bo‘ldi, 12 kishi jarohatlandi. Qirg‘iz tomonidan “spetsnaz” xizmatchisi o‘ldirilib, 13 kishi yaralandi. Bishkek va Dushanbe chegaraga qo‘shimcha kuchlarini joylashtirdi, biroq ulardan foydalanishga zarurat bo‘lmadi. Fuqarolar esa janjallashish uchun sabab qidirishi ham kerak emasdi. Ular bir-birini toshbo‘ron qilib, janjallashib turishi tez-tez kuzatilgan.

2020 yilda pandemiya sabab chegarada vaziyat nisbatan osoyishta bo‘ldi. Shunda ham butkul qurbonsiz o‘tmadi. May boshida qurbonlar bor-yo‘qligi ochiqlanmagan navbatdagi qurolli to‘qnashuv yuz berdi. Yoz oxirida esa Isfarada tinch aholi vakili otishma oqibatida o‘ldirildi va qirg‘iz chegarachisi jarohatlandi.

Qobig‘i bor, ruhi yo‘q KXSHT

Qirg‘iz-tojik chegarasidagi mojaro Rossiya yetovidagi Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining aslida hech qanday ta’sirga ega emasligini ko‘rsatib berdi.

Sobiq SSSR davlatlarining Rossiyaga yaqin bo‘lgan a’zolarini jamlagan tashkilot tashqi xavf tug‘ilganda birgalikda javob berish uchun tashkil etilgan. Uning asosiy kuchi rus armiyasiga bog‘langan. Ammo qirg‘iz-tojik mojarosida KXSHT foydasiz institut bo‘lib qolmoqda. Deylik Dushanbe qo‘shnisi bilan tortishib qolganda tashkilotdan yordam so‘rasa ham befoyda. Negaki ikkinchi tomon ham ayni harbiy blokning a’zosi.

KXSHT tashqi xavfga qarshi turishni inobatga olgan va a’zolar o‘rtasidagi mojarolarni hal qilish bo‘yicha vakolatlarga va mexanizmga ega emas. Ammo harbiy ittifoqchi hisoblangan davlatlarning o‘zaro mojaroga borishining o‘ziyoq tashkilotning jismi boru, joni yo‘qligini ko‘rsatib qo‘yadi. Yoki tashkilot Rossiyaga kerak bo‘lgandagina uyg‘onadi, xuddi Qozog‘istonda bo‘lgani kabi.

Qirg‘iz-tojik chegarasiga qaytsak. KXSHT bu borada hech qanday yechim taklif qilmagan. Agarda tashkilotning birlashgan tinchlikparvar kuchlari nizoli hududga kiritilgan taqdirda ham bu bahslashuvchi davlatlar ustidan nazorat o‘rnatish uchun armiyasi joylashtirilgan mamlakatga qo‘shimcha richag bo‘ladi, xolos.

Tomonlarning o‘zaro muzokaralari

Shu o‘rinda Bishkek va Dushanbe kelishmovchiliklarni tinch yo‘l bilan hal qilishga urinmagan, deb bo‘lmaydi. Muzokaralar olib borilgan va nizoli yerlarni yo‘qotish uchun real takliflar bildirilgan.

O‘tgan yilning martida Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Toshiyev anchayin radikal yechim taklif qildi. Unga ko‘ra, Bishkek ikki yo‘l ko‘rsatdi.

“Birinchisi, biz anklav chegaralarini qonuniy ravishda o‘lchaymiz va u endi o‘zgarmaydi. Lekin biz anklavga o‘z hududimizdan o‘tadigan yo‘lni faqat foydalanish uchun beramiz”, deya taklif qildi Toshiyev.

Ikkinchi variantga ko‘ra, hokimiyat Vorux anklavini almashishga tayyorligini ko‘rsatdi.

“Agar bu 12 ming gektar anklav hududi bizga qolsa, biz Botken viloyatining boshqa tumanlaridan 12 ming gektarni berishga tayyormiz”, dedi Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari.

Ammo Dushanbe bu taklifga diplomatik yo‘llar bilan hech qanday javob bermadi. Biroq internet foydalanuvchilari Toshiyevni turli haqoratlar bilan tariflashdan o‘zini tiyib o‘tirmadi.

Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning Voruxga tashrifi Dushanbening pozitsiyasiga aniqlik kiritishi kerak edi. Ammo Rahmon tashrif chog‘ida anklavni almashtirilmasligini aniq tushuntirib qo‘ydi.

“Yana bir muhim jihatni alohida ta’kidlamoqchiman, ya’ni muzokaralarning butun davri davomida – 19 yil ichida Voruxni boshqa hudud bilan almashtirish masalasi bo‘lmagan va bo‘lishi ham mumkin emas”, degan Imomali Rahmon.

U yana bir muhim jihat, chegaralarni delimitatsiya qilish katta sa’y-harakatlar va tomonlar manfaatlarini o‘zaro hurmat qilishni talab qiluvchi murakkab jarayon ekanligini ta’kidlagan.

Umuman olganda har ikki tomonning muammoni tinch hal qilishga intilishi ko‘p yangraganiga qaramay, hozircha real yechim ko‘rinmayapti.


Maqola muallifi

Teglar

chegara qirg'iz-tojik

Baholaganlar

464

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing