Qirg‘iziston tarixida ilk bor xalqqa boshqaruv shaklini tanlash huquqi berildi – Japarov
Olam
−
11 aprel 2021
6457Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bugun, 11 aprel kuni mahalliy kengashlar deputatlari saylovlarida va mamlakatning yangi Konstitutsiyasi loyihasi bo‘yicha referendumda ovoz berdi.
Sadir Japarov mamlakat tarixida ilk bor Respublika fuqarolariga davlatdagi boshqaruv shaklini tanlash huquqi berilganini ma’lum qildi.
"Qirg‘iziston Respublikasi mustaqilligi tarixida birinchi marta xalqqa boshqaruv shaklini tanlash huquqi berildi", degan u xalqqa murojaat qilib.
Japarovning ta’kidlashicha, mamlakat uchun asosiy qonun bo‘lgan konstitutsiyani o‘zgartirish vaqti kelgandi.
Japarovga ko‘ra, yangi konstitutsiya loyihasi ilmiy jamoatchilik, shuningdek, jamoatchilikning faol vakillari ishtirokida ishlab chiqilgan.
Ma’lumot o‘rnida, bugun Qirg‘izistonda mahalliy hokimiyat organlariga saylovlar va Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Qirg‘izistonda 2020 yilning 4 oktyabr kuni o‘tkazilgan parlament saylovlaridan keyin, 7 foizlik minimum ovozni to‘play olmagan partiya tarafdorlari norozilik namoyishlarini boshladi. Bir necha kun davom etgan namoyish va tartibsizliklar ortidan Bosh vazir Kubatbek Boronov va uning Hukumati iste’foga chiqdi. Namoyishchilar davlat idoralarini egallab oldi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
O‘sha vaqtdagi Prezident Sooronbay Jeenbekov Bishkekda favqulodda holat joriy qildi va poytaxtga harbiylar kiritildi. Buning natijasida vaziyat biroz tinchidi. Ammo namoyishchilar Prezidentdan iste’foga chiqishini talab qildi. Natijada 15 oktyabrda Jeenbekov xalqiga qarata o‘q uzib, qon to‘kmaslik uchun iste’fo berdi.
Uning vazifasini vaqtincha bajarishi kerak bo‘lgan parlament spikeri Kanat Isayev bundan bosh tortdi. Natijada davlat rahbari vakolati namoyishlar ortidan Bosh vazir bo‘lgan Sadir Japarovga o‘tdi.
Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilning 10 yanvar kuni muddatidan oldin o‘tkazilgan prezidentlik saylovida g‘alaba qozondi. U 28 yanvar kuni qasamyod keltirib, rasman Prezident lavozimida ish boshladi.
LiveBarchasi