Qirg‘iziston Prezidenti O‘zbekistonga minnatdorlik bildirdi
Jamiyat
−
18 dekabr 2020
21458Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchisi Talant Mamitov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi sammitida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga minnatdorlik bildirdi.
“O‘zbekiston tarafiga Qirg‘izistonda ikkita modullik yuqumli kasalliklar shifoxonasini qurilganligi munosabati bilan minnatdorchilik bildirmoqchiman”, degan Mamitov sammitdagi nutqida.
Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon sammitdagi nutqida pandemiya sharoitiga qaramay O‘zbekiston tashkilotga raisligi vaqtida qator muhim qarorlarni qabul qilganini ta’kidlab o‘tdi.
“Birinchi navbatda, MDH davlat Rahbarlari Kengashi Raisi – Shavkat Miromonovich Mirziyoyevga Kengashning bugungi yig‘ilishini tashkillashtirgani uchun minnatdorchilik ishor bildiraman. Juda murakkab sharoitda o‘zbek do‘stlarimiz raislik maqsadlarini muvaffaqiyatli amalga oshirib Hamdo‘stlik uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan qator qarorlar qabul qilishga erishdi”, degan Rahmon.
Avvalroq, O‘zbekiston 2021 yilda Belarus bilan birgalikda MDHda hamraislik qilishi haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston pandemiya boshlanganidan beri Qirg‘izistonga bir necha marta insonparvarlik yordami yubordi. So‘nggi bor noyabr oyida shunday yordam yuki qo‘shni respublikaga yetkazilgandi.