Chegaralarni ochish, migrantlar masalasi va savdo... Mirziyoyev MDH sammitida qanday takliflarni ilgari surdi?
Jamiyat
−
18 dekabr 2020
10062Biroz avval, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar bergan edik. Unda Prezident Mirziyoyev MDH ishtirokchi-davlatlari rahbarlariga quyidagi takliflar bilan murojaat qildi:
• MDH doirasida "Elektron savdoni" rivojlantirish bo‘yicha "Yo‘l xaritasi"ni qabul qilish;
• Sanoat kooperatsiya kompleks dasturini ishlab chiqish – bunda gap agrosanoat sektori, avtomobilsozlik sohasi, elektrotexnika, yengil va oziq-ovqat sanoati, farmotsevtika va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikdagi klasterlarni tashkil etish xususida bormoqda;
• Transport yo‘laklarining raqobatbardoshligini oshirish, texnik reglament va standartlarning o‘zaro uyg‘unligi, o‘zaro kelishilgan tarif siyosatini yuritish va o‘zaro imtiyozlar berilishi – transport sohasi oldida turgan muhim vazifalardir;
• O‘zbekiston mamlakatlar bilan o‘zaro avia-parvozlar imkon qadar qisqa vaqtlarda, barcha sanitar talablarga rioya qilingan holda qayta tiklanishi tarafdoridir.
"Bu biznes, gumanitar va turistik yo‘nalishlarda o‘zaro almashinuv qayta tiklanishiga yordam berardi", deb qayd etdi Mirziyoyev.
Shuningdek, ushbu tashkilotga a’zo mamlakatlarda mehnat faoliyatini yuritayotgan MDH davlatlari fuqarolarining ijtimoiy va huquqiy muhofazasi masalasi nihoyatda dolzarb bo‘lib turibdi.
"Bizni fikrimizcha, MDH doirasida mehnat migrantlari hujjatlari o‘zaro tan olinishining yagona tizimini yaratish vaqti keldi. Shu bilan birga davlat va biznes manfaatlari bilan bir qatorda ishchilar manfaatlarini inobatga olish va o‘zaro uyg‘unlashtirish juda muhim. Shu o‘rinda, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlik dasturini ishlab chiqish va qabul qilishni taklif etamiz", deydi O‘zbekiston rahbari.
Bugungi kunda ommaviy kasallanish holatlari va epidemiya bilan bog‘liq bo‘lgan favqulodda vaziyatlar ustidan monitoring nazoratini o‘rnatish va ularni tezkor bartaraf etishning samarali tizimini shakllantirish ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston MDH davlatlari doirasida tegishli shartnomani tayyorlanishini imkon qadar tezlashtirishni muhim deb biladi. Shu o‘rinda, O‘zbekiston kasallik profilaktikasi uchun MDHning barcha davlatlarida har yili ommaviy madaniy-sport tadbirlarini o‘tkazish taklifini ilgari surdi.