Mirziyoyev yangi elektropoyezdda Hojikentga bordi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 6 dekabr kuni “Toshkent – Xo‘jakent” yo‘nalishida yangi elektropoyezdni ko‘zdan kechirdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Bildirilishicha, davlat rahbarining o‘tgan yil 10 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, “O‘zbekiston temiryo‘llari” aksiyadorlik jamiyatini transformatsiya qilinmoqda. Jamiyat tarkibida infratuzilma, vagon xizmati, yo‘lovchi tashish kabilar bilan shug‘ullanuvchi 6 ta mustaqil korxona ish boshlagan. 

Qayd etilishicha, o‘tgan davrda mamlakatda 3 ming kilometrdan ziyod temiryo‘llar elektrlashtirilgan. Buxoro – Urganch –Xiva temiryo‘l tarmoqlarini elektrlashtirish yakuniy bosqichda. Miskin – Nukus yo‘nalishida jadal davom ettirilmoqda. Toshkent atrofida ham elektrlashgan yo‘l qurilib,  poyezdlarni o‘tkazish imkoniyati 30 foizga oshdi.

Endi “Toshkent – Xo‘jakent” yo‘nalishida yangi elektropoyezd qatnovga qo‘yilmoqda. Davlat rahbari ushbu poyezdga chiqib, harakatlanishi va qulayliklarini ko‘rdi.

“Vagonlar shinam va yorug‘, yo‘lovchilar uchun qulay. O‘rindiqlar soni 586 ta. Ma’lumot tablolari va yong‘in xavfsizligi tizimi o‘rnatilgan. Poyezd soatiga 120 kilometrgacha tezlikka chiqa oladi. Har bir tarafga kuniga uchtadan qatnov yo‘lga qo‘yiladi”, deyiladi xabarda.

Safar chog‘ida Mirziyoyev temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, temiryo‘llarni elektrlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlarini tinglagan.

“Toshkent va Hojikent oralig‘idagi temiryo‘lga tutash maydonlarni 2025 yilgi renovatsiya dasturiga kiritib, ularni tartibga keltirishga ko‘rsatma berildi. Yo‘nalishdagi egri qismlarni to‘g‘ri qilib qayta qurish orqali kunlik ekspress poyezdlar qatnovini ko‘paytirish va ko‘proq yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish uchun sharoit yaratish topshirildi”, deyiladi xabarda. 

Shuningdek, “Yashil makon” loyihasi doirasidagi ishlar ham muhokama qilindi. Temiryo‘l chetlarini ko‘kalamzorlashtirish, suv resurslari cheklangan hududlarda xorijiy tajriba asosida qurg‘oqchilikka chidamli o‘simliklarni ekish, chet eldan faqat mahalliy iqlimimizga mos bo‘lgan ko‘chatlarni keltirish zarurligi qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Xo'jakent

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing