Namoyishlar avjida. Sooronbay Jeenbekov qayerda?
Olam
−
06 Oktabr 2020
35548Xabaringiz bor, Qirg‘iziston navbatdagi parlament saylovlaridan keyin tartibsizliklar avj oldi va hamon davom etyapti. Ammo mamlakat Prezidenti Sooronbay Jeenbekov vaziyat yuzasidan bugun, 6 oktyabr kun boshida bergan bayonotidan so‘ng ko‘rinish bermadi. Ho‘sh, Prezident qayerda?
Mamlakatda namoyishlar davom etayotgan bir vaqtda davlat rahbarining yo‘qolib qolishi “Jeenbekov Qirg‘izistonni tark etdi”, degan gap-so‘zlar tarqalishiga sabab bo‘ldi.
Darhaqiqat, mamlakatda Bosh vazir, parlament spikeri iste’fo berib, ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlansa, qamoqxonadagi siyosiy mahbuslar ozod qilinsa-yu Prezident ko‘rinmasa, har kim ham yuqoridagidek fikrga borishi turgan gap.
OAVda tarqalgan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Jeenbekov mamlakatni tark etmagan. U poytaxt Bishkekda, deb xabar bermoqda “Interfaks” davlat rahbariga yaqin manbaga tayanib.
“Prezident yuz berayotgan voqealarni kuzatib boryapti. U kirish yopilib qolgan davlat rahbari ofisida emas. U Bishkek janubidagi rezidensiyasida. Jeenbekov mamlakat hududini tark etmagan”, degan manba.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Ularning o‘rniga muxolifat vakillari tayinlandi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
LiveBarchasi