Qirg‘iz-tojik chegarasida yana o‘q uzildi

Olam

image

Bugun, 17 sentyabr kuni ertalab tojik-qirg‘iz chegarasida yana o‘q ovozi eshitildi. Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) Chegara xizmatining (CHX) ma’lum qilishicha, Tojikiston harbiylari yana o‘t ochishni to‘xtatish rejimini buzgan.

Idora ma’lumotiga ko‘ra, mahalliy vaqt bilan soat 8:50 da Tojikiston tomoni minomet bilan Botken tumanining Paski Ariq aholi punktiga qarata o‘q uza boshlagan. Bu hol besh daqiqa davom etgan.

MXDQ CHXning Botken viloyatida joylashtirilgan shaxsiy tarkibi yuzaga kelgan vaziyatni barqarorlashtirishga harakat qilmoqda.

Mahalliy vaqt bilan bugun soat 9:00 da qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyat keskin deb baholanyapti.

Avvalroq Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari sammitida ishtirok etish uchun Samarqandga kelgan ikki davlat rahbarlari Sadir Japarov va Imomali Rahmon uchrashuv o‘tkazib, chegara masalasida kelishib olgandi.

Eslatib o‘tamiz, Tojikiston harbiylari Qirg‘iziston bilan chegaradagi yana bir qancha hududlarni o‘qqa tuta boshladi. Shundan so‘ng, Qirg‘iziston va Tojikiston vakillari muzokaralar o‘tkazdi va uning davomida chegaraning umumiy uchastkasida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib oldi.

Ma’lumot uchun, ikki davlat chegarasida vaziyat 14 sentyabr kuni keskinlashgan. Qirg‘iziston tomonining ma’lum qilishicha, tojik chegarachilari chorshanba kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken tumanining Buloq-Bashi hududidagi chegara hududiga kirib, “jangovar pozitsiyalarini egallagan”. Qirg‘iziston harbiylarining hududni tark etish talabiga javoban Tojikiston chegarachilari o‘t ochgan, shundan so‘ng otishma boshlangan. Oradan bir necha soat o‘tib, Botken viloyatining Kak-Say va Paski-Ariq tumanlarida ham qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Kechqurun otishmalar to‘xtagan, qirg‘iz tomoni ikki nafar harbiy xizmatchi va uch nafar tinch aholi vakillari yaralangani haqida xabar bergan.

Chegaradagi otishmalarda hozirgacha Qirg‘iziston tomonidan 18 harbiy jarohatlangani va 15 yoshli qiz vafot etgani ma’lum. Tojikiston tomonidan bir nafar chegarachi halok bo‘lgan, uch nafari yaralangan.


Maqola muallifi

Teglar

qirg'iz-tojik chegarasi

Baholaganlar

161

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing