Qirg‘iz-tojik chegarasi bo‘ylab otishma boshlandi. Dushanbe va Bishkek bir-birini ayblayapti
Olam
−
16 Sentabr 2022
10448Tojikiston harbiylari Qirg‘iziston bilan chegaradagi yana bir qancha hududlarni o‘qqa tuta boshladi. Bu haqda bugun, 16 sentyabr kuni Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi chegara xizmati ma’lum qildi.
“Tojikiston tomoni Botken viloyatining Leylek tumanidagi Kulundu, Maksat va Jani-Jer hududlarini o‘qqa tuta boshladi. Qirg‘iz-tojik davlat chegarasining butun perimetri bo‘ylab qurolli to‘qnashuvlar davom etmoqda”, deyiladi matnda.
Chegara agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, chegaraning qirg‘iz-tojik qismida vaziyat “tarangligicha qolmoqda”.
“Ushbu yo‘nalishda joylashgan Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasining Chegara xizmati harbiylari o‘q uzmoqda”, deyiladi xabarda.
Qirg‘iziston chegara xizmatining ma’lum qilishicha, 16 sentyabr kuni ertalab Tojikiston Qirg‘iziston chegara otryadlarini Eki-Tosh, Chir-Dobo, Qum-Mozor va Orto-Bo‘z hududlari hamda “Samarqandek” zastavasini o‘qqa tuta boshlagan. Qurbonlar haqida hozircha ma’lumotlar yo‘q.
Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Qirg‘iziston mamlakatning aholi punktlariga hujum qilgan.
Isfara shahrining Xo‘jai A’lo, Qummazor, Surx, Somoniyon, Qulkand aholi punktlari, Bobojon G‘ofurov tumanining Xistevarz va Ovchiqal’acha aholi punktlari Qirg‘iziston harbiylari tomonidan o‘qqa tutildi, deb xabar berdi Milliy davlat qo‘mitasi Chegara qo‘shinlari matbuot markazi.
“2022 yil 16 sentyabr kuni soat 04:50 atrofida Qirg‘iziston Respublikasining Botken chegara otryadiga qarashli “Ko‘ktosh” chegara posti chegarachilari kelishuvni buzgan holda, Tojikiston Respublikasi Isfara chegara otryadi “Dushanbe” chegara postiga o‘q uzgan. Shu bilan birga Qirg‘iziston harbiy xizmatchilari og‘ir qurollardan foydalangan holda Tojikiston Respublikasining aholi punktlariga qurolli hujum uyushtirdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, tomonlar ertalab soat 06:30 dan boshlab o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishganiga qaramay, Qirg‘iziston Respublikasi harbiy xizmatchilari Tojikiston Respublikasi yo‘nalishi bo‘yicha barcha turdagi harbiy qurollar va harbiy texnikalardan o‘q uzishni davom ettirmoqda.
Ikki davlat chegarasida vaziyat 14 sentyabr kuni keskinlashgan. Qirg‘iziston tomonining ma’lum qilishicha, tojik chegarachilari chorshanba kuni Qirg‘izistonning Botken viloyati Botken tumanining Buloq-Bashi hududidagi chegara hududiga kirib, “jangovar pozitsiyalarini egallagan”. Qirg‘iziston harbiylarining hududni tark etish talabiga javoban Tojikiston chegarachilari o‘t ochgan, shundan so‘ng otishma boshlangan. Oradan bir necha soat o‘tib, Botken viloyatining Kak-Say va Paski-Ariq tumanlarida ham qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Kechqurun otishmalar to‘xtagan, qirg‘iz tomoni ikki nafar harbiy xizmatchi va uch nafar tinch aholi vakillari yaralangani haqida xabar bergan.
LiveBarchasi