Qirg‘inbarot tinmayapti. Putin esa Lukashenko bilan sayohatga chiqdi
Olam
−
12 aprel 2022
16382Rossiyaning Ukrainaga bosqini davom etayotganining 48-kunida, bugun, 12 aprel kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko vertolyotda Amur viloyatidagi “Vostochniy” kosmodromi qurilishi bilan tanishdi. Bu haqda TASS xabar berdi.
Bundan tashqari, Putin va Lukashenko “Angara” kosmik raketa majmuasining qo‘mondonlik punkti qurilish maydonini hamda uchirish inshooti qurilish maydonchasini ham ko‘zdan kechirgan.
Amur viloyatidagi Vostochniy kosmodromi qurilishi 2012 yilda boshlangan. U fuqarolik maqsadlari uchun mo‘ljallangan birinchi milliy kosmodrom bo‘ladi va Rossiyaning koinotga mustaqil ravishda parvozini ta’minlashga imkon beradi. Kosmodromdan birinchi parvoz 2015 yilning 25 dekabriga belgilangandi, biroq qurilish jadvaldan ortda qolgani va boshqa sabablarga ko‘ra 2016 yilga ko‘chirilgandi.
Kosmodromning ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha vazifalarni amalga oshirish hamon davom etmoqda, jami 258 ta xonadonli uchta turar-joy binosini faol qurish ishlari olib borilmoqda. Yaqin kelajakda 465 xonadonga mo‘ljallangan yana to‘rtta turar-joy binosini qurish va foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Bu “Soyuz” va “Angara” raketalarini uchirishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ishlarni amalga oshiradigan barcha uchirish ekipajlarini uy-joy bilan to‘liq ta’minlash imkonini beradi.
“Vostochniy”da kabel to‘ldirish minorasining oltinchi qavatini o‘rnatish ishlari yakunlandi, mutaxassislar 7-qavatning katta qismlarini o‘rnatmoqda. Rossiyaning yangi “Amur” kosmik kompleksi 37,5 tonnagacha foydali yukni past yer orbitasiga qo‘yish imkonini beruvchi turli sinfdagi “Angara” ekologik toza raketalarini o‘z ichiga oladi. Angara oilasining raketalarida agressiv propellantlardan foydalanilmaydi, bu esa kompleksning ekologik xavfsizligini sezilarli darajada yaxshilash imkonini beradi”, deyiladi Rossiya nashrlarida.
Ma’lumot uchun, 12 aprel kuni Rossiyada Kosmonavtika kuni sifatida nishonlanadi.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi