Qatar AQSH va Isroilning xiyonatidan shokda – WP

Olam

image

Qatar AQSH va Isroilning harakatlaridan shokda. Ular oldinroq Dohaga HAMAS harakati vakillariga amirlik hududida zarba bermaslikka va’da bergan. Bu haqda Qatardagi manbalariga tayanib  “The Washington Post” (WP) xabar berdi.

“O‘tgan oy Isroil va AQSH ularga HAMAS vakillari ularning hududida hujumga uchramasligini va’da qilgan edi”, deyiladi xabarda.

Nashrning yozishicha, Isroilning Dohaga bergan zarbasi Qatarning G‘azo sektoridagi mojaroni hal qilishdagi vositachilik maqomini amalda yo‘qqa chiqargan, shuningdek, xalqaro o‘yinchilar uchun HAMAS yetakchilari bilan eng ishonchli aloqa kanalini yopib qo‘ygan.

“Qatar rasmiylari shokda va xiyonatga uchraganini his qilmoqda. Bu zarba, aftidan, Qatarning mojaroda vositachi sifatidagi rolini yo‘qqa chiqardi hamda G‘azodagi HAMAS yetakchilari bilan eng ishonchli aloqa kanalini yo‘q qildi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 9 sentyabr kuni Dohada bir nechta portlash yuz bergan edi. Bunga o‘sha paytda rahbariyat yig‘ilishi o‘tkazayotgan HAMAS guruhining shtab-kvartirasiga Isroil harbiylari tomonidan berilgan zarba sabab bo‘lgan.

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning idorasi mamlakat HAMAS rahbarlariga qarshi operatsiya o‘tkazgani va buning uchun mas’ul ekanini tasdiqladi. Biroq ularning bayonotida operatsiya joyi sifatida Qatar bevosita tilga olinmadi.

Qatar bosh vaziri  Muhammad bin Abdurahmon bin Jassim Ol Soniy esa Doha Isroilga javob qaytarish huquqini o‘zida saqlab qolishini va suverenitetining buzilishiga yo‘l qo‘ymasligini bildirdi.

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ham mamlakat ushbu hujumni qoralashini bildirib, bayonot bilan chiqdi. Unda O‘zbekiston xalqaro munosabatlarda kuch ishlatishning har qanday ko‘rinishiga va Yaqin Sharqdagi murakkab vaziyatni yanada keskinlashtiradigan qadamlarga izchil ravishda qarshi ekani qayd etildi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Qatar Isroil

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing